Janubiy Kavkazdagi geosiyosiy jarayonlar O‘zbekiston uchun ham strategik ahamiyat kasb etadi. Zangezur koridorining ochilishi Markaziy Osiyo uchun Rossiya va Eron yo‘llariga muqobil xavfsiz tranzit imkonini beradi. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida mavzu yuzasidan professor Farhod Karimov sharhi.

— Ozarboyjon va Armaniston tinchlik kelishuviga yaqinlashgani Janubiy Kavkaz mintaqasi uchun qanday geosiyosiy ahamiyatga ega?

Farhod Karimov: Vashingtonda imzolangan memorandum mintaqada yangi siyosiy muhit shakllanayotganidan va AQShning Janubiy Kavkazga faol kirib kelayotganidan dalolat beradi. 8 avgust kuni Pashinyan va Aliyev uchrashuvida tinchlik shartnomasi muhokama qilindi va dushanba kuni uning loyihasi taqdim etildi. Hujjat 17 banddan iborat bo‘lib, asosiy punktlar quyidagilar: sobiq SSSR parchalanishidan oldingi chegaralarni rasmiy tan olish, demarkatsiya va delimitatsiya jarayonlarini yakunlash hamda hududiy masalalarni yopish.

Eng muhim bandlardan yana biri – Zangezur koridorida AQSh ishtirokini belgilash. Armaniston yurisdiksiyasi bilan tartibga solinadigan bu hududda 99 yil davomida AQSh kompaniyalari investitsiya kiritib, koridorni boshqaradi. Bu esa geosiyosiy muhitni tubdan o‘zgartiradi.

Eron uchun bu juda noqulay, chunki hozirgacha Ozarboyjon bilan Naxichivon o‘rtasida quruqlik aloqasi faqat Eron hududi orqali o‘tadi. Endi esa Eron va Armaniston chegarasi bo‘ylab, Naxichivonni Ozarboyjon bilan bog‘laydigan 38 km yo‘l AQSh nazoratiga o‘tishi – Eronning rolini kamaytiradi. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo, Xitoy va Hindiston uchun O‘rta koridorda yangi alternativ yo‘l paydo bo‘ladi. AQSh bu orqali Xitoyning Yevropaga chiqadigan asosiy savdo yo‘lagini nazoratga olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Alyaskada bo‘lib o‘tadigan Rossiya va AQSh prezidentlari uchrashuvida bu masala ham savdolashuv predmeti bo‘lishi kutilmoqda. Rossiya ehtimol Ukraina bo‘yicha o‘ziga maqbul kelishuv evaziga Janubiy Kavkazdagi manfaatlaridan voz kechishga majbur bo‘lishi mumkin. Shuningdek, AQSh tomonidan Rossiyaga Eron bilan harbiy ittifoq tuzmaslik talabi ham ko‘rilishi ehtimoldan xoli emas.

— Kavkazdagi o‘zgarishlar Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston manfaatlariga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Farhod Karimov: Zangezur koridori Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega. U yangi alternativ tranzit yo‘lini ochadi. Hozirga qadar mintaqa asosan shimoliy yo‘nalish – Rossiya orqali tashqi bozorlarga chiqardi. Ukraina-Rossiya mojarosi bu yo‘l imkoniyatlarini qisqartirdi.