Prezident Shavkat Mirziyoyev Yuqori Chirchiq tumanida barpo etilgan Milliy futbol markazini borib ko‘rdi.

Davlat rahbari ikki yil oldin bu yerga tashrif buyurib, mavjud stadionga tutash hududda zamonaviy majmua bunyod etish zarurligini aytgan edi. Ko‘p o‘tmay, 2023 yil 3 noyabrda “Futbol-ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish hamda xalqaro standartlarga mos keladigan futbol infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori imzolandi.

Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilgan mazkur markaz bunda juda muhim bo‘g‘in. Bu yerda bir vaqtning o‘zida 6 ta terma jamoamizning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish imkoniyati bor. Buning uchun stadionlar, o‘quv binolari, sport zallari, mehmonxona barpo etilgan. Plyaj futboli maydoni, futzal maneji, basseyn va reabilitatsiya bo‘limi qo‘shimcha qulayliklar yaratgan.

Majmuada professional futbolchi va mutaxassislarni tayyorlash uchun to‘rtta tuzilma tashkil etildi. Bular - Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazi, Futbol terma jamoalari tayyorgarlik markazi, Respublika futbol akademiyasi, Sport tibbiyoti va reabilitatsiya markazidir.

Prezident ularda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Futbol tibbiyoti va reabilitatsiyasi bo‘limiga xorijiy uskunalar olib kelingan, eng ilg‘or uslublar o‘zlashtirilgan. Bu futbolchilarga qisqa vaqt ichida jismonan tiklanish imkoniyatini beradi.

Futbol akademiyasida yosh iste’dodlar saralanib, tarbiyalanadi. Buni xalqaro darajada tashkil etish uchun markazga Argentina, Vengriya va Xorvatiya kabi davlatlardan mutaxassislar jalb qilingan. Ular malakali murabbiy, hakam, tahlilchi, seleksioner va futbol menejerlarini tayyorlashda ishtirok etmoqda. Majmuada “VAR markazi” ham tashkil etilgan.

Davlat rahbari shu yerda sport faxriylari va yosh futbolchilar bilan suhbatlashdi. O‘zbekistonda futbol eng ommaviy sport ekani, uni rivojlantirish izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.