Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
1 oy ichida narkodo‘konlar reklamasi aks etgan 1 751 dona «narkograffiti» o‘chirildi - IIV
15 iyuldan 15 avgustga qadar O‘zbekiston bo‘ylab o‘tkazilgan «Xavfsiz va sog‘lom yurt» tadbirlari davomida jami 557,5 kg giyohvandlik vositasi va 376,5 ming dona kuchli ta’sir qiluvchi dorilar noqonuniy muomaladan olingan.
Foto: Getty Images
Ichki ishlar vazirligi joriy yil 15 iyuldan 15 avgustga qadar O‘zbekiston bo‘ylab o‘tkazilgan «Xavfsiz va sog‘lom yurt» tadbirining ikkinchi bosqichi haqida ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, «Xavfsiz va sog‘lom yurt» oyligining 2-bosqichida jami 14 ming 167 ta tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazilib, 2 599 ta giyohvandlik, 1 576 ta uyushgan jinoyatchilik, 1 650 ta korrupsiya va 4 653 ta boshqa yo‘nalishlarda noqonuniy holatlar aniqlandi. Tezkor tadbirlar 1-bosqichga nisbatan uch baravarga ko‘paygan.
«O‘tkazilgan hamkorlikdagi tezkor tadbirlar natijasida noqonuniy muomaladan jami 557,5 kg giyohvandlik vositasi, 376,5 ming dona kuchli ta’sir qiluvchi dorilar olinib, 10,5 ming tup giyohvandlik o‘simliklari yetishtirilayotganligi aniqlandi.
Tadbir davomida jami 91 ta tarqatuvchilar (zakladkachilar) bilan bog‘liq holatda 34,5 kg giyohvandlik vositasi rasmiylashtirib olindi va internetdagi narkodo‘konlar reklamasi aks etgan 1 751 dona «narkograffiti» aniqlanib, o‘chirildi», deyiladi vazirlik axborot xizmati Kun.uz’ga taqdim qilgan ma’lumotda.
Shuningdek, tezkor tadbirlar davomida jinoiy guruh va shaxslardan 858 ta pnevmatik qurol, 2 716 ta ov quroli va o‘q-dori olindi. 1 033 nafar qidiruvdagi shaxs ushlanib, 584 nafar bedarak yo‘qolgan shaxslar oilasi bag‘riga qaytarildi.
Jamoat joyida sovuq qurol olib yurgan fuqarolardan 14 936 ta o‘tkir tig‘li buyumlar 14 091 ta pichoq , 352 kastet, 493 ta boshqa olib yurilishi taqiqlangan buyumlar olinib, qonuniy chora ko‘rilgan. Ov quroli saqlash qoidalarini buzgan hamda brakonerlik harakatlarni sodir etgan 3 692 nafar shaxs ma’muriy va 254 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi.
Ma’lum qilinishicha, «Xavfsiz va sog‘lom yurt» oyligining 2-bosqichi doirasida mahallalarda, aholi yashash punktlari, jamoat joylari, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida 153 ming 816 ta kamera o‘rnatilgan.
IIVga ko‘ra, o‘tkazilgan tezkor profilaktik tadbirlar davomida O‘zbekistonda sodir etilgan jami jinoyatlar o‘tgan oyning shu davriga nisbatan 29 foizga kamaygan.