Jamiyat | 07:35 / 20.08.2025
5540
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya, Tojikiston va Afg‘onistondan olib kirilgan qariyb 80 kg narkotik aniqlandi

DXX Chegara qo‘shinlari va hududlardagi huquq-tartibot idoralari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlarida ko‘p miqdordagi giyohvandlik moddalar noqonuniy muomalasining oldi olindi.  

Foto: Videodan kadr

Davlat xavfsizlik xizmatining (DXX) Chegara qo‘shinlari va Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida Uzun tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, 2005 va 2006 yillarda tug‘ilgan 2 nafar mahalliy fuqaro 20 kg 374 g opiy va 41 kg 668 g gashish giyohvandlik vositalarini Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kirgan vaqtida ushlandi.

Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, ularning jinoiy sherigi bo‘lgan, Uzun tumanida yashovchi, 2004 yilda tug‘ilgan shaxs hamda «ajal og‘usi»ning buyurtmachisi hisoblangan, Denov tumanida istiqomat qiluvchi, 2000 yilda tug‘ilgan fuqaro ham protsessual tartibda ushlangan.

Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari va DXX Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qozog‘istondan xalqaro o‘tkazish punkti orqali kirgan farg‘onalik fuqaroga tegishli yuklar tekshirilgan. Shunda marmar quyma tosh ichiga yashirilgan 7 kg 902 g mefedron sintetik giyohvandlik vositasi borligi ma’lum bo‘lgan. Tergovga qadar tekshiruv davomida, narkokurer moddiy manfaatdorlik evaziga ushbu giyohvandlik vositasini Rossiyaning Moskva shahridan O‘zbekistondagi buyurtmachiga yetkazib berishi kerakligi aniqlangan.

Tezkor tadbir davom ettirilib, Bekobod tumanida istiqomat qiluvchi, 1985 yilda tug‘ilgan fuqaro O‘rta Chirchiq tumanida «ajal og‘usi»ni qabul qilib olgan vaqtida ushlangan.

DXX Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari xodimlari tomonidan amalga oshirilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida afg‘onistonlik narkosavdogarlardan giyohvandlik vositalarini olib, Farg‘ona viloyatida sotish bilan shug‘ullangan shaxslar faoliyatiga chek qo‘yildi.

Xususan, Qo‘qon shahrida yashovchi, 1964 yilda tug‘ilgan ayol va uning 1993 yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan o‘g‘li qo‘lga olindi. Ularning yonida Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan 5 kg 878 g opiy va 3 kg 922 g gashish moddalari borligi aniqlandi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida xorijdan keltirilgan jami 79 kg 744 g giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.

Mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246- va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Mavzuga oid