Jamiyat | 12:31 / 21.08.2025
10538
1 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona viloyatida 6 yoshli bolani mashina urib ketdi

Velosipeddagi bola yo‘lning qatnov qismiga chiqib ketgan va ortdan kelgan mashina g‘ildiraklari ostida qolgan. U shifoxonada vafot etdi.

Foto: Videodan kadr

Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida 6 yoshli bola yo‘l-transport hodisasi oqibatida vafot etdi, deya xabar bermoqda viloyat YHB.

Qayd etilishicha, 16 avgust kuni soat 16:30 atrofida tumanning «Dehqonobod» MFY hududida 33 yoshli fuqaro «Gaz-3110» avtomobilni boshqarib ketayotib, yo‘lning qatnov qismiga chiqib ketgan 2019 yilda tug‘ilgan X.M.ni urib yuborgan.

Kuzatuv kamerasida yozib olingan videoda velosipedda harakatlangan bola yo‘l o‘rtasiga chiqib ketgani va ortdan kelgan mashina uni urib, sudrab ketgani ko‘rinadi. Shundan so‘ng hodisa yaqinida bo‘lgan odamlar uni mashinaga solib, shifoxonaga olib ketishgan.

Biroq og‘ir tan jarohatlari olgan bola ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan shifoxonada vafot etgan.

Holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid