To‘qimachi mahallasi fuqarolari 5 qavatli mehmonxona qurilishiga norozi bo‘lib, “Toshneftgazishchita’minot” MChJni sudga bergan edi. Bir necha oy davom etgan sud ishida quruvchi yutib chiqdi. Qurilishni vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risidagi dastlabki himoya chorasi bekor qilindi.
6 avgust kuni birinchi instansiya sudi qurilish obektida joylashgan daraxtlar taqdiriga aniqlik kiritishga qaror qilgan edi. 19 avgust kungi sud yig‘ilishida Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi inspektori Mirkomil Abduvohidov ishtirok etib, hududdagi daraxtlar yuzasidan izoh berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mehmonxonaga tutash joyda 2 ta yong‘oq va 1 ta o‘rik daraxti bor. Quruvchi o‘rik daraxtini quritib qo‘ygan.
“Bu daraxtlar ularning kadastridan tashqari bo‘lgan hududda joylashgan. Qonun bo‘yicha biz bularning “Inter-inshoot” MChJ va “Toshneftgazishchita’minot” korxonasiga ogohlantirish xati chiqardik. Telefon nomerlarini olib bog‘landik, lekin hech qanaqa reaksiya bo‘lmadi. Hurmatli sudya, ular bitta o‘rik daraxtini quritib qo‘ygan, bitta yong‘oq daraxtini shikastlantirgan, ildizlarini ochib tashlagan, o‘zi tepa qismidan qurishni boshlagan”, – deydi Abduvohidov.
Inspektorning aytishicha, o‘rikdan tashqari 2 ta yong‘oq daraxti ko‘p yillik bo‘lgani uchun moratoriyga tushgan. Shu bilan birga, inspektor o‘rik daraxtining qurib qolishi ekologiya organlari bergan qurilishga ruxsat xulosasini bekor qilishga asos bo‘lmasligini aytdi.
Quruvchi manfaatini himoya qilayotgan Marat Hayitov yong‘oq daraxtlari kesilmasligini bildirdi.
“Hozir 2 ta yong‘oq daraxti to‘g‘risida aytildi. Ular avtoturargohdan tashqarida, ya’ni quriladigan mehmonxona va ofis binolari o‘rtasidagi yashil hududda joylashgan. U daraxtlar kesilmaydi. Bu loyihamizda ham ko‘rsatilgan. Loyiha belgilangan tartibda, hammasi elektron ravishda kiritilgan, uni xohlagan joydan chiqarib kelishsa bo‘ladi.














