Jahon | 07:55 / 23.08.2025
6333
2 daqiqa o‘qiladi

NASA Yer va Oyni 290 million kilometr masofadan ko‘rsatdi

Psyche kosmik apparati uzoq koinotdan Yer va Oyning noyob suratini oldi.

Foto: NASA

2023 yil oktabr oyida NASA tomonidan metallga boy asteroid Psixeyaga uchirilgan Psyche kosmik apparati uzoq koinotdan Yer va Oyning noyob suratini oldi. Zond ularni taxminan 290 million kilometr masofadan qayd etgan.

Iyul oyida missiya jamoasi apparat kameralarini sinovdan o‘tkazib, ularning quyosh nurini aks ettiruvchi obektlarni qayd etish qobiliyatiga ishonch hosil qildi. Mashg‘ulot maqsadi sifatida sayyoramiz tanlandi. Rasmda u Hamal burji fonida kichkina nuqta bo‘lib ko‘rinadi, lekin ajralib turadi. Bundan tashqari, biroz yuqorida xiralashgan Oyni ham ko‘rish mumkin.

Bu kadr 1990 yilda «Voyajyer-1» tomonidan 6 milliard kilometr masofadan olingan afsonaviy «Oq ko‘k nuqta»ni eslatadi.

Missiyaning asosiy maqsadi Mars va Yupiter orbitalari oralig‘ida joylashgan Psixeya asteroidini o‘rganishdir. Olimlar obekt Quyosh tizimidagi sayyoralar shakllangan qadimgi protoplaneta yadrosi bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Uning diametri taxminan 280 kilometrni tashkil etadi va asosiy asteroid kamarining tashqi qismida aylanadi. Kosmik kema 2029 yil iyul oyida o‘z maqsadiga erishgunga qadar taxminan 3,54 milliard kilometr masofani bosib o‘tishi kerak.

Zond ham ko‘rinadigan, ham infraqizil nurlarni qayd eta oladigan kameralar bilan jihozlangan. Ushbu texnologiyalar Psixeyaning tarkibini o‘rganish va sayyoralarning metall yadrolarining shakllanishi haqida asosiy ma’lumotlarni olish imkonini beradi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid