Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri oliy ta’lim tashkilotlari va akademik litseylarda 2025/26 o‘quv yilining boshlanish sanalarini tasdiqladi. Unga ko‘ra:
- akademik litseylarning barcha bosqich o‘quvchilari va OTMlarning 1-bosqich talabalari uchun dars jarayonlari 2025 yil 3 sentabr, chorshanba kunidan;
- oliy ta’lim tashkilotlarining 2- va undan yuqori bosqich talabalari uchun 8 sentabr, dushanbadan boshlanadi.
OTMlarda 1-kursga qabul qilingan talabalar uchun “Kredit ta’limi tizimiga kirish” haftaligi hamda “Talabalikka bag‘ishlov” tadbirlari tashkil etiladi. Haftalik doirasida:
- talabalar OTM faoliyati bilan tanishtiriladi, kredit-modul tizimining mazmun-mohiyati tushuntiriladi;
- tanlov fanlari maqsadli tanlanadi;
- talabalarda mustaqil ta’lim ko‘nikmalarini shakllantirish, akademik halollik tamoyillari va kasbiy hamda shaxsiy rivojlanish masalalari yuzasidan targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshiriladi.
Avvalroq o‘zini o‘zi moliyalashtirishga o‘tmagan universitetlarda to‘lov-kontrakt miqdori oshmasligi ehtimoli borligi xabar qilingandi.











