Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Bo‘ldi, izzatim bitdi” - Toshkent viloyati hokimining matbuot kotibi ishdan ketdi
Behzod Qobulovning lavozimini tark etishi sobiq deputat Feruza Babashevaning ijtimoiy tarmoqda qoldirgan videomurojaati bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda. U o‘z murojaatida Qobulovni uning sha’nini tahqirlaganlikda ayblagan.
Foto: Behzod Qobulov / Facebook
2022 yil sentabridan buyon Toshkent viloyati hokimining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘lib ishlab kelgan Behzod Qobulov lavozimini tark etdi. Bu haqda u Facebook sahifasida ma’lum qildi.
“Men vaziyatni har tomonlama mulohaza qilib ko‘rgach, Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari lavozimidan iste’fo berishga qaror qildim.
Bo‘ldi. Izzatim bitdi, meningcha. Bir yilki, menga yopishib olib, tun-u kun halol ishlayotgan, katta mehnatlar bilan kelajakni qurayotgan hamkasblarim, jamoadoshlarimga mening faoliyatim orqali malomat toshlari otilishiga jim qarab turolmayman”, – deya yozdi Qobulov.
U “ba’zi shovqinlar”ga izoh bermasligini bildirdi.
“Asosiysi, yurtimizda bayram shukuhi kezib yuribdi. Mahalla va qishloqlarda, shahar va tumanlarda bayram kayfiyati bor. Shunday tansiq lahzalarda men bilan bog‘langan salbiy axborotlar oqimining paydo bo‘lganidan chin dildan afsusdaman va bu tezroq barham topishi, masalaga sud-huquq idoralari baho berishi to‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘ylayman”, – dedi Toshkent viloyati hokimining endilikda sobiq matbuot kotibi.
Bu iste’fo sobiq deputat va jamoat faoli Feruza Babashevaning ijtimoiy tarmoqda qoldirgan videomurojaati fonida ro‘y berdi.
Feruza Babasheva o‘z videomurojaatida Qobulovni uning sha’nini tahqirlaganlikda ayblagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir Telegram-guruhda noma’lum akkaunt tomonidan tuhmatdan iborat xabar joylangan, xuddi shu xabar keyinroq Behzod Qobulovga tegishli ekani aytilgan Telegram-akkauntdan ham guruhga ikki marta takroran yuborilgan. Bu xabarda shunday deyiladi:
“Bugun soat 16:00 da Ӯrta Chirchiq Boyovul qishlog‘i somsaxonasiga ayollar yig‘ilamiz. Babashova Feruz g‘ar erlarimizni yo‘ldan urishiga jim turmaymiz. Otasi bilan o‘g‘liga konvertimiz bor. Joxon va Qobil bilan intim yozishmalari qo‘limda”.
Kun.uz'ning Toshkent viloyati hokimligidagi manbasi Qobulovning istefosi ushbu voqealar bilan bog‘liqligini inkor etmadi.
Mavzuga oid
16:31 / 03.02.2026
Toshkent viloyatida ayrim yo‘l uchastkalarida tezlik 80 km/soatgacha tushiriladi
08:36 / 30.01.2026
Toshkent viloyatida ekologiya bo‘limi boshlig‘i ushlandi
08:19 / 30.01.2026
Toshkent viloyatida mansabdor 7 ming dollar pora olayotganda ushlandi
10:12 / 28.01.2026