Rossiya hukumati prezident Vladimir Putinga Qiynoqlar va g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi munosabat va jazolarning oldini olish to‘g‘risidagi Yevropa konvensiyasiga rioya qilishni rasman rad etishni taklif qildi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi bosh vaziri Mixail Mishustin tomonidan imzolangan farmon 25 avgust, dushanba kuni Rossiya Federatsiyasining normativ-huquqiy hujjatlari rasmiy portalida e’lon qilindi.

Hujjatda konvensiyaning o‘zini, shuningdek, unga 1996 yilda Rossiya tomonidan imzolangan protokollarni denonsatsiya qilish taklif etiladi. Ushbu taklifning sabablari keltirilmagan.

Qiynoqlarga qarshi Yevropa konvensiyasi, jumladan, tegishli qo‘mita (Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Yevropa qo‘mitasi) ishini ta’minlaydi. Uning vakolatlari hujjatni imzolagan mamlakatlarga, jumladan, qamoqxonalariga to‘siqsiz tashrif buyurishni o‘z ichiga oladi.