27 avgust kuni AQSh prezidenti Donald Trampning Hindistondan import qilinadigan mahsulotlarga tariflarni ikki baravar oshirib, 50 foizgacha yetkazish qarori kuchga kirdi. Hindistonning Rossiya neftini xarid qilgani uchun joriy etilgan 25 foizlik jarima tarifi Trampning avvalgi 25 foizlik tarifiga qo‘shildi. Natijada kiyim-kechak, qimmatbaho toshlar va zargarlik buyumlari, oyoq kiyim, sport anjomlari, mebel va kimyo mahsulotlari kabi tovarlarga umumiy bojlar 50 foizgacha chiqdi.
Reuters’ning yozishicha, bu chora XXI asr boshidan buyon strategik hamkor bo‘lib kelayotgan ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarga jiddiy zarba berdi. Shuningdek, bu AQSh tomonidan qo‘yilgan eng yuqori tariflardan biri bo‘lib, Braziliya va Xitoy darajasiga tenglashadi.
Yangi tariflar Hindistondagi minglab kichik eksportchilar va ish o‘rinlariga xavf solmoqda, jahonning eng tez o‘sayotgan iqtisodiyotining o‘sishiga ham zarba berishi kutilmoqda.

Hindiston Savdo vazirligi hozircha yangi ishga tushgan bojlar bo‘yicha izoh bermadi. Biroq vazirlik rasmiysining anonimlik sharti bilan aytishicha, tariflardan zarar ko‘rgan eksportchilar moliyaviy yordam oladi va Xitoy, Lotin Amerikasi hamda Yaqin Sharq kabi yangi bozorlarni o‘rganishga undaydi.
Tahlilchilarga ko‘ra, tariflarning zarbasi og‘ir bo‘lsa-da, agar Nyu-Dehli iqtisodiyotni yanada isloh qilib, proteksion siyosatdan voz kechsa va Vashington bilan inqirozni hal qilishga intilsa, vaziyat yaxshilanishi mumkin.
Reutersʼning yozishicha, Hindistondan AQShga belgilangan muddatgacha jo‘natilgan va yo‘lda bo‘lgan tovarlarga uch haftalik istisno berildi. Shuningdek, 232-bo‘lim milliy xavfsizlik savdo qonuniga binoan alohida tariflar qo‘yilgan po‘lat, alyuminiy va ularning hosilalari, yengil avtomobillar, mis va boshqa tovarlar ham bundan mustasno qilindi.
Yuzlab milliardlik savdo aylanmasi
Hindiston savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh importlariga o‘rtacha tarif 7,5 foizni tashkil qiladi. AQSh Savdo vakili idorasi esa Hindiston tomonidan ayrim avtomobillarga 100 foizgacha, AQSh qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga esa o‘rtacha 39 foizlik boj qo‘llanishini qayd etgan.

















