Qayta qizdirilgan yog‘ nimaga xavfli?
Yog‘ yuqori haroratda qizdirilganda uning tarkibida trans-yog‘ kislotalari va akrolein kabi zararli moddalar hosil bo‘ladi. Trans-yog‘lar qon tomirlarining torayishi, xolesterinning ortishiga sabab bo‘lsa, akrolein oshqozon-ichak tizimi, jigar faoliyatini izdan chiqaradi. Bundan tashqari, qayta ishlatilgan yog‘ tezda oksidlanadi va erkin radikallarni ko‘paytiradi. Bu esa hujayra qarish jarayonini tezlashtirib, saraton kasalliklari xavfini oshirishi mumkin.
Organizmga ta’siri
Yurak-qon tomir tizimi holat. Yog‘ni qayta-qayta qizdirish natijasida unda oksidlangan lipidlar (ya’ni buzilgan yog‘ molekulalari) hosil bo‘ladi. Bu moddalar qon tomir devorlarini sekin-asta shikastlab, “yomon xolesterin” (LDL) miqdorini ko‘paytiradi va “yaxshi xolesterin” (HDL)ni kamaytiradi. Natijada qon tomirlar torayib, ateroskleroz, gipertoniya, yurak xuruji yoki insult xavfi ortadi. Oddiy qilib aytganda, qayta ishlatilgan yog‘ yurak va qon tomirlarning erta “eskirishiga” olib keladi.
Semirish va metabolik buzilishlar. Qovurilgan ovqatlarning o‘zi kaloriya jihatdan juda to‘yimli. Agar ular qayta ishlatilgan yog‘da tayyorlansa, organizmda metabolik stress (ya’ni hujayralarning normal ishlashiga to‘sqinlik qiladigan yuklama) kuchayadi. Bu insulin rezistentligiga sabab bo‘lishi mumkin. Ya’ni organizm qondagi shakarni normal o‘zlashtira olmay qoladi. Natijada semirish, qandli diabet va boshqa endokrin kasalliklar xavfi ortadi.
Oshqozon-ichak muammolari. Qayta ishlatilgan yog‘ning tarkibida akrolein, polisiklik aromatik uglevodorodlar kabi toksik (zararli) moddalar to‘planadi. Ular oshqozon-ichak yo‘llarining shilliq qavatini qo‘zg‘atib, surunkali gastrit, reflyuks yoki ich ketishiga sabab bo‘lishi ehtimoli mavjud. Agar bunday yog‘ uzoq muddat muntazam iste’mol qilinsa, oshqozon va ichakda o‘sma kasalliklari rivojlanish xavfi ham oshadi. Bunda boshqa omillar, masalan, sho‘r-taomlar, tamaki chekish va spirtli ichimliklar iste’moli ham qo‘shimcha xavf tug‘diradi.
Iqtisod salomatlikdan ustunmas
Ko‘pchilik “yangi yog‘ni ishlatish qimmatga tushadi” deya undan qayta-qayta foydalanishga harakat qiladi. Aslida bu qisqa muddatli tejamkorlik uzoq muddatda sog‘liq uchun ancha qimmatga tushadi; yurak xastaligi, diabet yoki jigar kasalligi kabi og‘ir tashxislarni davolashga ketadigan mablag‘ bir necha shisha yog‘dan yuzlab marta qimmat bo‘ladi.















