Çapdan öngga: Yevropa Kengaşi prezidenti Antoniu Koşta, Özbekiston prezidenti Şavkat Mirziyoyev va Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyen birinçi “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammitida. 3 aprel 2025 yil, Samarqand. / Foto: Özbekiston prezidentining matbuot xizmati

Özbekiston va Yevropa Ittifoqi örtasida Kengaytirilgan şeriklik va hamkorlik töğrisidagi bitim 24 oktyabr kuni Bryusselda imzolanişi kutilmoqda. Bu haqda Yevropa Kengaşi prezidenti Antoniu Koşta Özbekiston prezidentiga mustaqillik bayrami munosabati bilan yöllagan tabrigida aytib ötdi.

“Siz bilan 2025 yil 24 oktyabr kuni Bryusselda bölib ötadigan uçraşuvni intiqlik bilan kutaman, u yerda Yevropa Ittifoqi va Özbekiston örtasida Kengaytirilgan şeriklik va hamkorlik töğrisidagi bitimning imzolanişi munosabati bilan fikr almaşişni davom ettiriş imkoniga ega bölamiz”, – deyiladi YeK rahbarining tabriknomasida.

Özbekiston va YeI örtasida amaldagi bitim 1996 yilda imzolangan va 1999 yilda kuçga kirgan. U asosan siyosiy muloqot, demokratiya, inson huquqlari sohasidagi hamkorlik, madaniy aloqalarni ilgari suriş, moliyaviy va texnik hamkorlik, investitsiyalar, tovar va xizmatlar savdosi, şuningdek intellektual mulkni himoya qiliş borasidagi qoidalarni öz içiga oladi. Kelişuv hadli xarakterga ega bölib, uning köplab bandlari muayyan masalalar böyiça ikki tomonlama kelişuvlar doirasida aniqlik kiritişni taqozo qiladi.

2017 yil iyulida Özbekiston tomoni YeIga yangi hamkorlik kelişuvini tuziş taklifini berdi. Muzokaralar 2019 yil fevralida boşlanib, 10 raund davom etdi va 2022 yil iyunida yakunlandi. 2022 yil iyulida bitim parafirlandi.

Yangi kelişuv savdo va unga tegişli masalalar, şu jumladan bojxona ma’murçiligi, texnik jihatdan tartibga soliş, sanitariya va fitosanitariya çoralari, raqobat va davlat korxonalarining faoliyati, davlat xaridlari, nizolarni hal qiliş masalalarini qamrab oladi.

Bundan taşqari, u Jahon savdo taşkilotining asosiy qoidalarini öz içiga olgani natijasida investitsiyaviy şeriklik, tovarlar, xizmatlar va intellektual mulk savdosi sohalaridagi munosabatlar doirasi sezilarli darajada kengaytiriladi.