Jahon | 09:08 / 01.09.2025
2125
2 daqiqa o‘qiladi

Volkswagen Braziliyada o‘tmishdagi ish sharoiti uchun jarimaga tortildi

Braziliya mehnat sudi Volkswagen'ning Braziliyadagi bo‘linmasini 1974-1986 yillar oralig‘ida bir nechta ishchilarni qullarga o‘xshash sharoitlarda ushlab turishda aybladi. Nemis kompaniyasi millionlab yevro miqdorida jarima to‘lashga majbur bo‘ladi.

Foto: Wolfgang Weihs/picture alliance

Braziliya mehnat sudi Germaniyaning Volkswagen (VW) avtomobil konsernini jamoaviy ma’naviy zarar uchun tovon puli sifatida 165 million real (taxminan 26 million yevro) to‘lashga majbur qildi, deb xabar bermoqda mahalliy OAV.

Bunga 1974 yildan 1986 yilgacha Braziliyaning Para shtatidagi Volkswagen shu’ba korxonasiga tegishli bo‘lgan chorvachilik fermasida kamida 15 kishi qullikka o‘xshash g‘ayriinsoniy munosabatga uchragani haqidagi ayblovlar sabab bo‘lgan, deb yozadi KNA agentligi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, fermer xo‘jaligiga o‘rmonlarni tozalash va yaylovlar yaratish uchun noqonuniy shartnomalar asosida 300 ga yaqin kishi yollangan. Ular to‘yib ovqatlanmagan, qarz qulligiga duchor bo‘lgan va qurolli soqchilar tomonidan qo‘riqlanadigan fermadan chiqa olmagan. Prokuraturaning ta’kidlashicha, hatto fermada bezgak bilan kasallanganlarga ham tibbiy yordam ko‘rsatilmagan.

Ushbu holatlar bo‘yicha tergov faqat 2019 yilda, yillar davomida dalillar to‘plagan mahalliy ruhoniy prokuraturaga murojaat qilgandan so‘ng boshlangan. Rasmiy ayblovlar 2024 yilda taqdim etilgan. «Ushbu harakatlar Braziliya tarixidagi zamonaviy qullikning eng yirik holatlaridan biridir», — deyiladi mahalliy prokuratura bayonotida.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid