Dunyoda kechayotgan harbiy urushlar ustiga Trampning savdo urushlari ham qo‘shilib, jahon bozorlarida noaniqlikliklarni kuchaytirdi, natijada oltin narxi rekord darajada oshib ketdi.
Oltin – O‘zbekistonning eng asosiy eksport tovari. Sodda qilib aytganda, biz chetga jami 100 dollarlik mahsulot sotsak, uning 35 dollari birgina oltin hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu yil narxlar oshib ketgani uchun O‘zbekistonning oltin eksportidan daromadi 1,8 barobarga oshdi. Natijada valuta tushumi ko‘payib, dollarning so‘mga nisbatan kursi 20 oy oldingi darajaga qaytib qoldi.
Milliy valutamizning qadri oshib borayotganini ko‘pchilik yaxshi yangilik deb hisoblashi aniq, axir import tovarlarning arzonlashishi kimga ham yoqmaydi deysiz? Lekin iqtisodchilar va eksportyorlar haqida bunday deb bo‘lmaydi.
Eksportyorlar masalasi tushunarli: so‘mning mustahkamlanishi ular ishlab chiqaradigan mahsulotning tannarxini oshirib, tashqi bozorlarda raqobatdoshligini kamaytiradi. Endi iqtisodchilarga kelsak: xo‘sh, ular dollar kursi tushayotganidan nega xursand emas?
Gap shundaki, iqtisodiy o‘sish uchun barqarorlik – eng asosiy omil. Oxirgi oylarda valuta bozorida kuzatilayotgan holat esa, uzoq muddatli trenddan og‘ishish va cheklangan davomiylikka ega tashqi shok demakdir. Bunday shart-sharoit noaniqliklar tufayli investitsiya qarorlarini kechiktiradi. Qolaversa, arzon dollar sabab bir muddat sun’iy ustunlikka ega bo‘lib qolgan import oldida mahalliy ishlab chiqaruvchilar sinishi mumkin. Buning oqibatlari shokning ta’siri o‘tib ketganidan keyin ko‘rinadi.
O‘zi umuman, O‘zbekiston kabi mamlakatlar uchun milliy valuta uzoq muddatli trendda sekin-asta qadrsizlanib borishi tabiiy, chunki iqtisodiyotda mavjud chuqur tarkibiy muammolar shuni taqozo qiladi. Milliy valuta kursining mustahkamlanishi ana shu muammolarning yechilishi bilan bog‘liq bo‘lmasa, bu xuddi “osmondan yog‘ilgan pul”dek bo‘lib qoladi, bu esa mavjud vaziyat haqidagi chalg‘ituvchi kartinani yuzaga keltirish orqali, yanglish qarorlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu sababli iqtisodchilar bunday vaziyatlarda ulkan qo‘shimcha daromadni xudo berdi deb bugunning o‘zida iqtisodiyotga kiritib yuborishni emas, strategik zaxiraga aylantirishni tavsiya qiladi.
Xususan, iqtisodchi Otabek Bakirov “Oltindan superdaromadlar so‘mni mustahkamlashi emas, zaxiralanishi kerak” sarlavhali postida shunday yozadi:
“Biz har unsiya oltindan ortiqcha 1400-1600 dollarni samaradorlik tufayli ishlab topayotganimiz yo‘q. Bugun so‘mning mustahkamlanib borayotgani ham iqtisodiyotimiz, tashqi savdo va xususan eksportimizning chuqur muammolari ariganidan darak bermaydi. Ya’ni bu – atipik mustahkamlanish. Amalda yo‘q joydan, qulay kon’yunktura O‘zbekistonga bir necha milliard dollarlik qo‘shimcha daromadlarni sovg‘a qilmoqda. Biz bu sovg‘ani zaxiralash o‘rniga, iste’molga yo‘naltirmoqdamiz”















