Jahon | 15:06 / 03.09.2025
6891
2 daqiqa o‘qiladi

Putin Fitsodan Ukrainani energiya resurslaridan mahrum etishni talab qildi

"Ularning revers bo‘yicha ketayotgan gaz ta’minotini yoping, elektr ta’minotini yoping", dedi Rossiya prezidenti Pekinda Slovakiya bosh vaziri bilan uchrashuvda.

Foto: Vladimir Smirnov/SNA/IMAGO

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Slovakiyani Ukrainaga energetik blokada o‘rnatishga chaqirdi. «Revers yo‘nalishda ketayotgan gaz ta’minotini yoping, elektr ta’minotini yoping — va ular boshqa odamlarning manfaatlarini buzish sohasida ularning xatti-harakatlarida qandaydir cheklovlar borligini darhol anglaydi», dedi Putin 2 sentabr, seshanba kuni Pekinda Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso bilan muzokaralar chog‘ida. U avvalroq Ukrainaning "Drujba" neft quvuriga dron zarbalarini tanqid qilgandi.

Xitoyga «Ikkinchi jahon urushi davrida militaristik Yaponiya ustidan qozonilgan g‘alabaning» 80 yilligiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etish uchun kelgan yagona Yevropa yetakchisiga aylangan Fitso ham Kiyevning harakatlarini qoraladi va 5 sentabr kuni Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuvda neft quvuri xavfsizligi masalasini ko‘tarishga va’da berdi.

Uchrashuvda Putin Fitsoga Slovakiyaning «mustaqil tashqi siyosati» uchun minnatdorchilik bildirdi, u o‘z navbatida Yevropa Ittifoqini «quduq tubida o‘tirgan va dunyoda nimalar bo‘layotganini ko‘rmayotgan qurbaqa»ga qiyosladi. «Men Yevropa Ittifoqini chuqur hurmat qilsam ham, u dunyodagi harakatlarga javob berishga qodir emas», dedi Slovakiya bosh vaziri va uning mamlakati Rossiya bilan energetika sohasida hamkorlik qilish va Rossiyadan neft va gaz olishdan nihoyatda manfaatdor ekanini aytdi.

Mavzuga oid