O‘zbekiston | 14:46 / 07.09.2025
37390
2 daqiqa o‘qiladi

Angrenda dahshatli avariya. Qurbonlar bor

Neft ortilgan yuk mashina ishtirokida YTH ro‘y berib, yong‘in chiqqan. Natijada yo‘lda yirik tirbandlik yuzaga kelgan.

Foto: Videodan kadr

Qamchiq dovonidan Toshkent viloyatining Angren shahriga kirib kelish joyida bir necha avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda hodisa neft ortilgan maxsus yuk mashinasi va sement ortilgan yuk mashinasi, shuningdek, bir nechta yengil avtomobillar ishtirokida sodir bo‘lganini, avtomobillar yonayotganini ko‘rish mumkin.

Videolardan birida yuk mashinasi kabinasi ichida qolib ketganlardan biri qutulib chiqqani ko‘rinadi, keyinroq bu mashina butunlay yonib ketgan.

Yana bir videoda esa hodisa oqibatida halok bo‘lganlar borligi aytilgan, ammo hozircha qurbonlar soni qanchaligi ma’lum emas.

  • Xabar to‘ldirildi: Toshkent viloyati IIBB hodisa yuzasidan ma’lumot berib, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, hozirda tergov-surishtiruv harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi. Bu esa qurbonlar borligini tasdiqlaydi – Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi bilan ish qo‘zg‘atilishi ikki yoki undan ortiq odam halok bo‘lganini anglatadi.

Ushbu hodisa tufayli yo‘lda harakat to‘xtab qolgan va ikki tomonlama yirik tirbandlik yuzaga kelgan.

«Qamchiqavtoyo‘l» telegram-kanalida Toshkent-Vodiy yo‘nalishida tirbandlik yuzaga kelgani haqida xabar berilgan.

«“Toshkent-Ohangaron- Angren-Qo‘qon-Shahrixon-Andijon” avtomobil yo‘lining 93-94 kilometrlari oralig‘ining “Toshkent-Vodiy” va “Vodiy-Toshkent” yo‘nalishida tirbandliklar yuzaga kelmoqda.

Ushbu holat tegishli tashkilotlar yordamida bartaraf etilmoqda», deyilgan xabarda.

Mavzuga oid