Prezident Trampning asosiy tarafdorlaridan biri, konservativ siyosiy faol - Charli Kirk kecha, 10 sentabr kuni Yuta vodiysidagi universitetda otib o‘ldirildi. 31 yoshli Charliga yoshlar bilan uchrashuv chog‘ida o‘q uzilgan. Guvohlarga ko‘ra, tadbir qatnashchilarini kiraverishda hech kim tekshirmagan. O‘q esa qo‘shni binodan uzilgan, jinoyatchi tutilgani yo‘q.
Charlining o‘limini Tramp ham tasdiqlab, o‘z ijtimoiy sahifalarida bu haqida post qoldirdi. Uning o‘limi AQSh siyosiy doiralarini tashvishga solgan, hattoki Oq uydagi mamlakat bayrog‘i ham Kirkka hurmat ramzi o‘laroq yarim metr pastga tushirildi.
“Buyuk va hattoki afsonaviy Charli Kirk halok bo‘ldi. AQShda hech kim yoshlarni Charlidan yaxshiroq tushunmasdi yoki bilmasdi. Uni hammamiz, ayniqsa men yaxshi ko‘rardim, unga qoyil qolardim, lekin endi u oramizda yo‘q”, deb yozdi Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Vitse-prezident J.D Vens esa amerikaliklardan Charli uchun duo qilishni so‘radi. Sobiq prezident Bayden ham Charlining oilasiga hamdardlik bildirdi.
"Mamlakatimizda bunday zo‘ravonlikka o‘rin yo‘q. Hozir tugashi kerak. Jill va men Charli Kirkning oilasi va yaqinlari uchun ibodat qilamiz", deb yozdi u.
O‘q uzilgan videolardan ko‘rinishicha, o‘sha damda Charli “Amerikaning qaytishi” deb yozilgan chodirda nutq so‘zlayotgan bo‘lgan. O‘q tegishi bilan u o‘tirgan joyida cho‘kdi va ko‘ksidan qon oqa boshladi. Buni ko‘rgan odamlar esa darrov vahimaga tushib, har tomonga yugura boshlagan.
Universitet rasmiylari darhol talabalarga ogohlantirish bilan chiqqan, politsiya otishmani tekshirayotgani xabar qilindi. Yuta universiteti AQShdagi katta universitetlardan biri, unda kamida 46 ming talaba o‘qiydi.
Charlining o‘limi haqida eshitgan respublikachi senatorlar ham birin-ketin post yoza boshlashdi, ular marhumning haqqiga ibodat qilishni so‘ragan. Demokratlar ham bu jinoyatni oqlab bo‘lmasligini yozishdi. Masalan, Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom Charliga qilingan hujum jirkanch va qabih, AQShdagi har qanday zo‘ravonlik qoralanishi kerak, deya fikr bildirgan.
31 yoshli Kirk siyosiy faol bo‘lib, 2 farzandning ham otasi bo‘lgan. U maktab va universitet kampuslarida konservativ yoshlarni birlashtiradigan qator uchrashuv va tadbirlar o‘tkazib kelardi. Trampning tarafdori bo‘lgan Charli o‘tgan yili Donaldga ham suiqasd uyushtirilganidan ozgina o‘tib, Respublikachilar qurultoyida so‘zga chiqqandi.






