«Juda katta ehtimol bilan biz Kirkni o‘ldirgan odamni qo‘lga oldik. Hamma a’lo darajada ishladi», dedi u Fox News telekanali efirida.

Prezident uning shaxsini ochiqlamadi va qotilni qo‘lga olishda unga «juda yaqin» bo‘lgan shaxs yordam berganini aytdi, keyinroq aniqlik kiritib, bu gumonlanuvchining otasi ekanini ma’lum qildi.

«Ota o‘g‘lini taslim bo‘lishga ishontirdi», dedi prezident va hozircha bu ma’lumot noto‘g‘ri bo‘lishi mumkinligini, chunki u eshitgan narsasi haqida gapirayotganini qo‘shimcha qildi.

Ushbu ma’lumotlarga aniqlik kiritish so‘roviga javoban Tramp gumonlanuvchining otasi o‘g‘liga «Biz borishimiz kerak», deganini aytdi. «Ular mashinada politsiya boshqarmasiga borishdi va u hozir o‘sha yerda», – deya qo‘shimcha qildi prezident.

Keyinchalik matbuot anjumanida Federal qidiruv byurosi tomonidan ma’lum qilinishicha, Tayler Robinsonning oila a’zosi sodir bo‘lgan voqea haqida oila a’zosining do‘stiga aytgan, u Vashington okrugi sherifi idorasi bilan bog‘langan, shundan so‘ng ma’lumot katta tergovchilarga, jumladan, FQBga yetkazilgan.

Keyinchalik CNN va ABC telekanallari ota o‘g‘lini taslim bo‘lishga ko‘ndirgani, keyin yoshlar cherkovi ruhoniysi bilan bog‘langani, u esa AQSh Marshallar xizmatiga (federal sud ijrochilari xizmati) murojaat qilib, ularga ma’lumot berganini xabar qildi.

Yuta shtati gubernatori Spenser Koks matbuot anjumanida «to‘g‘ri ish qilgan» va uni huquq-tartibot idoralariga olib kelgan Tayler Robinsonning oila a’zolariga minnatdorchilik bildirdi.

FQB direktori Kesh Patel tergov «tarixiy yutuq»ga 33 soat ichida erishishga muvaffaq bo‘lganini ta’kidladi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, dastlab tergovda «mutlaqo hech narsa bo‘lmagan». «Biz u chumoliga o‘xshab ko‘ringan videoyozuvdan boshladik - bu deyarli befoyda edi. Videoda shunchaki u yerda kimdir borligi ko‘ringan». Qidiruvda bo‘lgan gumonlanuvchining avvalroq FQB tomonidan e’lon qilingan videosida u o‘q uzilgan bino tomidan tushib, so‘ng jinoyat joyidan qochib ketgani aks etgan.

Gumonlanuvchini qidirishda foydalanilgan foto. Utah Public Safety

Tramp qo‘lga olingan shaxs aybdor deb topilsa, u o‘lim jazosiga hukm qilinishiga umid bildirdi.

«Kirk eng yaxshi odam edi, u bunga loyiq emasdi», – dedi Tramp.