Jahon | 16:01 / 14.09.2025
14652
4 daqiqa o‘qiladi

Kiyev oblastidagi temiryo‘lda o‘q-dorilarni tashish paytida portlash sodir bo‘ldi

Uning yonida Polshaga ketayotgan yo‘lovchi poyezdi bo‘lgan.

Foto: Politika Strany

O‘q-dorilar detonatsiyasi 14 sentabrga o‘tar kechasi Kiyev oblastida temiryo‘l orqali tashish paytida ro‘y bergan, deb xabar berdi Ukrainaning «Zerkalo nedeli» nashri manbalarga tayanib. Bu voqea Fastov rayonidagi Kalinovka qishlog‘i hududida sodir bo‘lgan.

Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi ham «Suspilne»ga Kiyev oblastida harbiy yuk olib ketayotgan poyezdda o‘q-dorilar portlaganini tasdiqladi.

Portlash natijasida kontakt tarmog‘iga zarar yetgan, bu esa Xarkivdan Polshaning Peremishl shahriga ketayotgan 73-sonli poyezdning favqulodda to‘xtashiga olib kelgan, deb xabar berdi nashr. Poyezd yo‘lovchilari yaqin atrofdagi o‘rmonga evakuatsiya qilingan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar yo‘q, poyezd vagonlari yonib ketmagan.

Ukrainaning «Ukrzalіznitsya» temiryo‘l tashuvchisi infratuzilma shikastlangani sababli Boyarka stansiyasidan o‘tayotgan 30 ga yaqin poyezd shikastlangan hududni aylanib o‘tish uchun Mironovka yoki Korosten orqali jo‘natilganini ma’lum qildi. 73-sonli Xarkiv – Peremishl poyezdi ertalab soat to‘rtlarda Kiyev va Korosten orqali o‘zgartirilgan yo‘nalish bo‘yicha yo‘lga chiqqan, poyezd to‘rt soatdan ko‘proq ushlanib qolgan.

«Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat xizmati, temiryo‘lchilar va boshqa xizmatlar Kiyev oblastidagi favqulodda hodisa oqibatlarini imkon qadar tezroq bartaraf etish va yo‘lovchi poyezdlarga odatiy yo‘nalishlarni qaytarish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda», – deyiladi «Ukrzalіznitsya» xabarida.

«Ukrzalіznitsya» AJ boshqaruvi raisi Oleksandr Persovskiyning aytishicha, evakuatsiya qilingan 240 nafar yo‘lovchining aksariyati poyezdda sayohatni davom ettirgan, yana 21 kishi avtobusda Kiyevdagi vokzalga olib ketilgan va u yerda poyezdga o‘tirishgan. Yo‘lovchilarning bir qismi uylariga qaytishgan, kompaniya ularni keyingi poyezdlarda Peremishlga olib borishga va’da bergan.

Oblast harbiy ma’muriyati rahbari Mikola Kalashnikning ma’lum qilishicha, temiryo‘ldagi «favqulodda hodisa»dan keyin stressga o‘tkir reaksiya tufayli uch ayolga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

«Zerkalo nedeli» nashri ta’kidlashicha, yonida o‘q-dorilar portlagan Kalinovka qishlog‘i 13 sentabr kuni kechqurun bir qator kuchli portlashlar sodir bo‘lgan Vasilkov shahridan sakkiz kilometr uzoqlikda joylashgan. Ukraina telegram-kanallarida paydo bo‘lgan turli versiyalarga ko‘ra, portlashlar mahalliy aviabaza yoki neft bazasi yaqinida sodir bo‘lgan. Nashrning ta’kidlashicha, qo‘poruvchilik versiyasi ko‘rib chiqilmoqda. Vasilkovdagi portlashlar temiryo‘ldagi hodisa bilan bog‘liqmi yoki yo‘qmi, bunisi hozircha noma’lum.

Kiyev oblasti harbiy ma’muriyati tungi soat 13:38 da «oblast aholisi eshitgan portlashlar havo hujumiga aloqador emasligi»ni ma’lum qildi. Gap Vasilkovdagi portlashlar yoki Kalinovkadagi o‘q-dorilar portlashi haqida ketyaptimi, aniq emas.

Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, shuningdek, Ukraina prezidenti idorasi Kiyev oblastidagi voqeaga izoh bermadi.

Mavzuga oid