Rossiya harbiylari keng ko‘lamli urush davomida uchinchi marta gaz quvuri orqali Ukraina qurolli kuchlari pozitsiyalari ortiga o‘tib olish taktikasini qo‘lladi. Bu haqda Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabiga yaqin bo‘lgan DeepState OSINT-proyekti ma’lum qildi.
Ukrain tahlilchilari ma’lumotlariga ko‘ra, Xarkiv oblastida hujum qilayotgan rossiyaliklar Kupyansk shahriga borish uchun gaz quvuri orqali Oskol daryosini kechib o‘tgan. RF qo‘shinlari shunga o‘xshash taktikani avvalroq Donetsk oblastidagi Avdiyivkada va Kursk oblastidagi Sudjada ham qo‘llagandi.
DeepState’ning ta’kidlashicha, Kupyansk hududida Rossiya harbiylari butun bir logistika arteriyasini qurgan. «Quvurning kirish yo‘llari Pervaya Liman hududida joylashgan. Quvurda harakatlanish uchun maxsus ishlab chiqilgan g‘ildirakli karavotlar, shuningdek, balandlik imkon beradigan elektr samokatlardan foydalaniladi», – deb yozadi DeepState.
Gaz quvuri orqali Kupyansk atrofigacha bo‘lgan yo‘l taxminan to‘rt kunlik, shu tufayli yo‘lda dam olish uchun maxsus joylar va oziq-ovqat zaxiralari mavjud, deyiladi xabarda.
Shu tariqa, dushmanning uyushgan guruhlari jiddiy yo‘qotishlarsiz Radkovkagacha yetib boradi va keyin janubga, o‘zlari nazorat qiladigan o‘rmonga ko‘chib o‘tadi. Shundan so‘ng ular Kupyansk bo‘ylab tarqalib, temiryo‘lgacha yetib borishadi.
DeepState xabari chiqishi ortidan navbatdagi «Quvur» operatsiyasi haqidagi ma’lumotlar rossiyalik «harbiy blogerlar» va hukumatparast telegram-kanallar tomonidan ham tarqatila boshlandi. Shuningdek, tarmoqlarda Rossiya harbiylari quvur orqali Kupyanskka kirib borayotgani aks etgan video paydo bo‘ldi.
Rossiya mudofaa vazirligi Kupyansk yaqinidagi hujum haqidagi ma’lumotni hali tasdiqlamadi.
DeepState’ning ta’kidlashicha, Rossiya qo‘shinlari allaqachon Kupyansk kvartallarida oldinga siljib, shaharning shimoliy qismida hujum qilmoqda. Xarkiv oblastining Rossiya tomonidan bosib olingan hududlari «harbiy-fuqarolik ma’muriyati rahbari» etib tayinlangan Vitaliy Ganchev Rossiya qurolli kuchlarining hujum guruhlari haqiqatan ham Kupyanskda ekani va Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalarini shahardan ishonch bilan siqib chiqarayotganini aytgan.
Kupyanskning Ukraina tomonidan tayinlangan harbiy ma’muriyati rahbari Andrey Kanashevich esa shaharda Rossiya qo‘shinlari borligini rad etgan. «DeepState shoshildi, Kupyanskda rossiyaliklar yo‘q. Janglar chekka joylarda davom etmoqda. Kupyanskning butun hududi mudofaa kuchlari nazorati ostida», – dedi u milliy telemarafon efirida.
Shu bilan birga, u shahardagi vaziyatni keskin deb atagan. «Svet, suv va gaz yo‘q, shiddatli otishmalar tufayli tiklash ishlarini olib borishning iloji yo‘q. Shaharning 90 foizdan ortiq qismi vayron bo‘lgan yoki shikastlangan. Shunga qaramay, Kupyanskda hali ham ko‘plab odamlar qolmoqda», – deya qo‘shimcha qilgan Kanashevich.
















