Birlashgan Millatlar Tashkilotining maxsus tergov komissiyasi seshanba kuni Isroil G‘azoda genotsid sodir etgani va Isroilning yuqori martabali amaldorlari, jumladan, bosh vazir Binyamin Netanyahu bu harakatlarga turtki bergani haqida xulosaga keldi. Isroil Tashqi ishlar vazirligi bu hisobotni qat’iyan rad etdi va uni tuzuvchilarni noxolislikda hamda Hamasning uzoq vaqtdan beri rad etib kelinayotgan yolg‘onlarini takrorlashda aybladi.

Hisobotda qotilliklar ko‘lami, insonparvarlik yordamini bloklab qo‘yish, bepushtlikni davolash klinikasini majburan ko‘chirish va yo‘q qilish misollari keltirilgan. Bu esa boshqa inson huquqlari tashkilotlari xulosalariga mos keladi.

Okkupatsiya ostidagi Falastin hududlarida tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha mustaqil xalqaro komissiya BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi tomonidan 2021 yilda xalqaro gumanitar huquq va inson huquqlarining barcha ehtimoliy buzilishlarini tekshirish maqsadida tashkil etilgan.

«G‘azoda genotsid sodir bo‘lmoqda, – dedi Falastin bo‘yicha tergov komissiyasi rahbari, Xalqaro jinoiy sudning sobiq sudyasi Navi Pilley. – Ushbu vahshiyona jinoyatlar uchun javobgarlik deyarli ikki yil davomida G‘azodagi falastinliklarni yo‘q qilish uchun aniq maqsad bilan genotsid kampaniyasini uyushtirgan Isroil rasmiylarining yuqori doiralari zimmasida».

Isroil komissiya bilan hamkorlik qilishdan bosh tortdi. Isroilning Jyenevadagi diplomatik missiyasi komissiyada Isroilga qarshi qaratilgan siyosiy kun tartibi mavjudligini aytmoqda.

Isroil Tashqi ishlar vazirligi ushbu hisobotni qat’iyan rad etib, uni «buzilgan va yolg‘on» deb atadi. Vazirlik matbuot kotibi komissiyaning uch nafar ekspertini «Hamas vakillari» deb atab, ularni «Hamasning allaqachon to‘liq rad etilgan yolg‘onlari»ga ishonishda aybladi.

«Hisobotdagi yolg‘onlardan farqli o‘laroq, aynan Hamas Isroilda genotsid sodir etishga uringan – 1200 kishini o‘ldirgan, ayollarni zo‘rlagan, oilalarni tiriklayin yoqib yuborgan va barcha yahudiylarni o‘ldirish maqsadini ochiqchasiga e’lon qilgan», – deya qo‘shimcha qildi u.

Isroil avval ham komissiyani noxolislikda ayblagandi. 2022 yilda komissiya a’zolaridan birining ijtimoiy tarmoqlar «yahudiy lobbisi tomonidan nazorat qilinishi» haqidagi so‘zlari mojaro keltirib chiqargandi.

«Bizni obro‘sizlantirishga urinish uchun katta mablag‘ sarflayotgan yahudiy lobbisi yoki ayrim nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan sezilarli darajada nazorat qilinadigan ijtimoiy tarmoqlardan hafsalamiz pir bo‘ldi», – degandi komissiya a’zosi Milun Kotari uch yil oldin.

O‘shanda butun dunyodan o‘n oltita yahudiy tashkiloti Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari kengashi raisiga maktub yo‘llab, uni yahudiylar va yahudiy davlati sha’niga haqoratli so‘zlar aytgan Isroil faoliyatini tekshirish komissiyasi a’zolarini chetlatishga chaqirgan edi.