O‘zbekiston | 12:30 / 17.09.2025
7055
4 daqiqa o‘qiladi

Standartlar institutidagi nostandart ustamalar. Tashkilot xodimlariga 483 mln so‘mgacha qo‘shimcha pul berilgan

2024 yil noyabridan 2025 yil martigacha bo‘lgan davrda Standartlar instituti rahbariyatiga katta miqdorda ustama puli yozib kelingan. Xususan, tashkilot sobiq direktori D. Qodirov 5 oy ichida 468 million so‘m pul olgan. Shundan 433 millioni – mukofot. Uning o‘rinbosarlari Samijonovga 483 mln so‘m, Davirovga 413 mln so‘m ustama haqi berilgan. Oddiy o‘qituvchi yoki shifokor buncha pulni yig‘ish uchun qariyb 10 yil ishlashi kerak.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

O‘zbekiston boy mamlakat emas. Shu jihatdan ham rasmiy, ham norasmiy sektorda faoliyat olib borayotgan aksariyat xodimlar katta daromad topmaydi. To‘g‘ri, oxirgi yillarda oyliklar sezilarli darajada oshdi, ammo maoshlar hali ham dunyo miqyosidagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan bir necha karraga kam. Xususan, 2025 yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi o‘rtacha ish haqi 5 mln 982 ming so‘mni tashkil etgan. Bunda o‘qituvchi va shifokorlarning daromadlari mos ravishda 4,1 mln so‘m va 3,7 mln so‘m.

Ammo O‘zbekiston standartlar institutida bunday «o‘rtacha» maosh tushunchasi mavjud bo‘lmaganga o‘xshaydi. U yerdagi ustamalar nafaqat xalqnikidan farq qiladi, balki oddiy o‘qituvchi va shifokor yillab topa olmaydigan darajada yuqori bo‘lgan.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali sizib chiqqan ma’lumotlarga ko‘ra, institut rahbariyati va ayrim xodimlariga 2024 yilning noyabridan 2025 yilning martigacha budjetdan tashqari jamg‘arma mablag‘lari hisobidan shunday miqdorda ustama haqlar berilganki, oddiy ishchilar uni hatto tushida ham ko‘rmasa kerak. Misol uchun, sobiq direktor vazifasini bajarib kelgan D. Qodirov 5 oy ichida 468 million so‘m pul olgan. Shundan 433 millioni – mukofot. Ya’ni amalda oyligi atigi 4 million bo‘lgan oddiy o‘qituvchi yoki shifokor bu pulni yig‘ish uchun qariyb 10 yil ishlashi kerak. D. Qodirov esa atigi 150 kunda shu natijaga erishgan. Bunday mablag‘ unga qaysi «mehnat unumdorligi» uchun berilgani noma’lum.

Qodirov ko‘p pul topadiganlar ro‘yxatida yolg‘iz emas. Uning o‘rinbosarlari Samijonovga 483 mln so‘m, Davirovga 413 mln so‘m ustama haqi berilgan. Shuningdek, tashkilotda bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlagan Mirzoidov 477 mln so‘m, Axmatov 471 mln so‘m, Ashurov 413 mln so‘m, Umurzaqulov 293 mln so‘m qo‘shimcha daromadga munosib topiladi. Hatto direktor yordamchisi ham 200 millionga yaqin mukofot olgan.

Umumiy hisobda, institut xodimlariga budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan jami 3,7 mlrd so‘mdan ortiq qo‘shimcha ustama haqlar to‘langani qayd etilgan. Bundan tashqari, 10 nafar xodimga jami 3,1 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘ rag‘batlantirish uchun ajratilgan.

O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: bu qanday «rag‘bat» o‘zi? Nima karomat ko‘rsatgani uchun yuqorida nomlari tilga olingan amaldorlarga juda katta miqdorda pul berilgan? Yoki bu ham institutning o‘ziga xos «standartlashtirish» ishlarining bir qismimi?

Standartlar instituti axborot xizmati yuqoridagi ma’lumotlarni tasdiqlagan holda agentlik tomonidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib huquqiy baho berilishi uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilganini ma’lum qildi. Holat to‘liq tekshirilib, vaziyatga aniqlik kiritilishi lozim.

Mavzuga oid