Uch kun davom etgan Chempionlar Ligasi o‘yinlari yakunlanib ulgurmay, milliy chempionatlar boshlanmoqda. Liverpul va Rim derbilari, “Old Trafford” va “Emiraytes”da navbatdagi katta uchrashuvlar, Fransiyada esa “PSJ” de Dzerbi boshqaruvidagi “Marsel”ni sinovdan o‘tkazadi. “Real” va “Barselona” alohida holatda Kataloniya va Madrid klublariga qarshi to‘p surib, asta-sekin klasiko havosiga tayyorgarlikni boshlashadi.

LIVeRPUL – EVeRTON (20 sentabr, 16:30)

“Liverpul” ushbu mavsumda deyarli dor ustida yuribdi. Slot shogirdlari ayni damda Yevropada 100 foizlik natija ko‘rsatayotgan kam sonli jamoalardan biri bo‘lishsa-da, o‘tkazilgan besh o‘yinning har birida ochko yo‘qotilishi mumkin edi. Bu o‘yinlarning uchtasida “Liverpul” hal qiluvchi golni hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda urdi. Yana ikki o‘yinda ham gollar 80-daqiqadan so‘ng kiritilgan.

Bu aslida omadmi yoki “Liverpul”ning kuchli o‘yini raqibning so‘nggi daqiqalarda qarshilik ko‘rsata olmay qolishiga sabab bo‘lyaptimi, aytish qiyin. Shunisi aniqki, bunday seriya odatda uzoq davom etmaydi, ammo natijalar qaysi tomonga og‘adi, buni ham taxmin qilish oson emas. Qizig‘i, bu safargi raqib bilan ham avvalgi o‘yinlardagi ssenariyni bemalol kutish mumkin, zero bu ham derbi, “Everton” esa “Liverpul”ga qarshi o‘yinlarda doim munosib bo‘la olishini unutmaslik kerak.

“Everton” so‘nggi yillardan farqli ravishda mavsumni ancha kuchli boshladi, ilk o‘yinlardan yengish qiyin bo‘lgan “qattiq yong‘oq” bo‘la olishini namoyish etyapti. Jamoa ilk turda “Lids”ga yagona penalti evaziga mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, masalan “Brayton” ustidan qozonilgan g‘alaba alohida e’tiborga arziydi. Zero “Brayton” ayniqsa mavsum boshida hatto top-klublarga ham yon bermasligi ma’lum.

Devid Moyyes boshqaruviga qaytgan jamoa barcha musobaqalarni hisobga olganda qatorasiga 4 o‘yindan beri mag‘lubiyatga uchragani yo‘q, bularning uchtasida umuman o‘z darvozasidan gol o‘tkazmadi. Tabiiyki, hozircha vaziyatlar yaratishda aniq bir tizim bo‘lmagan va oldingi chiziqda bir qator yangi futbolchilarga ega bo‘lgan “Liverpul” uchun “Everton” himoyasini yorib o‘tish oson bo‘lmaydi.

Yangilar haqida gap borganda, Aleksandr Isakning “qizillar” tarkibida debyut qilganini ta’kidlash kerak. Arne Slotning aytishicha, “Atletiko”ga qarshi oltmish daqiqa Isakning faoliyatidagi balki eng og‘ir daqiqalar bo‘lgan va katta ehtimol bilan u “Everton” bilan o‘yinda ilk daqiqalardan maydonga tushmasligi mumkin. APL o‘yinida Ekitike boshlang‘ich tarkibda tushib kelmoqda. Umuman olganda, “Liverpul”ning hafta o‘rtasida nisbatan ancha kuchli raqibga qarshi to‘p surgani butun hafta davomida derbiga tayyorlangan “Everton”ga qo‘shimcha ustunlik berishi turgan gap. Jarohatlarga kelsak, mehmonlar safida ham yo‘qotishlar deyarli yo‘q. Faqat markaziy himoyachi Jarrad Brantueyt ancha oldin, mavsumoldi o‘rtoqlik o‘yinlarida jarohat olgandi va hali yangi mavsumda safga qaytgani yo‘q.