Rossiya prezidenti Vladimir Putin 18 sentabr kuni Davlat dumasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Putinning Novo-Ogaryovodagi qarorgohida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin, «Yedinaya Rossiya» partiyasining parlamentdagi fraksiyasi rahbari Vladimir Vasilev, Rossiya Kommunistik partiyasi fraksiyasi rahbari Gennadiy Zyuganov, Rossiya Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Leonid Slutskiy, «Spravedlivaya Rossiya – Za pravdu» partiyasi fraksiyasi rahbari Sergey Mironov, «Novyye lyudi» partiyasi fraksiyasi rahbari Aleksey Nechayev ishtirok etdi.

KPRF fraksiyasi rahbari Gennadiy Zyuganov, «​​​​​​Yedinaya Rossiya» fraksiyasi rahbari Vladimir Vasilev va «​​​​​​Spravedlivaya Rossiya – Za pravdu» fraksiyasi rahbari Sergey Mironov.

Migrantlar gettosi

Yig‘ilishda partiya rahbarlari boshqa masalalar qatori migratsiya mavzusini ham ko‘tarishdi.

Xususan, Rossiya liberallari yetakchisi Leonid Slutskiy migratsiya sohasidagi vaziyatni halokatli deb atagan hamda Novosibirsk shahrida mehnat migrantlari oila a’zolari bilan yashaydigan Lenin rayoniga tashrifi haqida gapira turib, bu joyni «Xilokskiy gettosi» deb atagan.

Leonid Slutskiy

«Biz Novosibirskning Lenin rayonidagi „Xilokskiy gettosi“ deb ataladigan mikrorayonda bo‘ldik, shaharliklar xavotirda, chunki ularning uylari yaqinida mahalliy bozorni ushlab turgan ko‘plab markaziy osiyolik mehmonlar yashaydi. Odamlar nafaqat antisanitariyadan, qo‘pollik va axloqsiz xatti-harakatlardan shikoyat qilishmoqda. Balki o‘z yaqinlarining hayoti va xavfsizligidan ham xavotirlanishmoqda», – dedi Leonid Slutskiy.

U bugungi kunda o‘zi rahbarlik qilayotgan partiya tomonidan migratsiya sohasidagi vaziyatni normallashtirish bo‘yicha taklif etilayotgan ko‘plab qonun loyihalari qabul qilinganini qayd etgan. Shu bilan birga, Slutskiy parlamentdagi barcha partiyalarga qo‘shimcha cheklovlar kiritishni qo‘llab-quvvatlashni taklif qildi. Xususan, Rossiya fuqaroligi bo‘lmagan migrantlar oilalarining mamlakatga kirishiga cheklovlar qo‘yishni ham.

«Katta oilalar kirib kelmoqda, ularning farzandlari maktablarda tartibsizlik keltirib chiqarmoqda; tibbiy, ijtimoiy muassasalarda navbatlar yuzaga kelmoqda», – degan u.