Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Lavrov va Rubio Nyu-Yorkda Rossiya-Ukraina urushini muhokama qildi
Tomonlar Ukraina inqirozini hal qilish bo‘yicha fikr almashgani ta’kidlanmoqda.
Foto: Telegram/MariaVladimirovnaZakharova
Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov va AQSh davlat kotibi Marko Rubio 24 sentabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida uchrashdi.
Uchrashuv bir soatdan kamroq davom etdi, deb xabar berdi Meduza.
AQSh Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, Rubio Lavrov bilan uchrashuvda «prezident Trampning qotilliklarni to‘xtatish va Moskva Rossiya-Ukraina urushini barqaror hal qilish uchun muhim choralar ko‘rishi kerakligi» haqidagi chaqirig‘ini yana bir bor takrorlagan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi, o‘z navbatida, Lavrov va Rubio «Ukraina inqirozini hal qilish bo‘yicha fikr almashganini» aytdi.
Ta’kidlanishicha, Lavrov Rossiya AQSh bilan «Ukraina inqirozining asl sabablarini bartaraf etish bo‘yicha sa’y-harakatlarni» muvofiqlashtirishga tayyorligini aytdi, shuningdek, «mojaroni cho‘zishga qaratilgan sxemalarni» nomaqbul deb atadi.
Sergey Lavrov va Marko Rubio bundan oldin 10 iyul kuni Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida uchrashgan edi.