Har yilgidek, sentabr oyining uchinchi haftasida Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi sessiyasi boshlandi. Bu – 80-sessiya. Bu sessiya tarixda qoladi. Sababi global siyosatdagi tebranishlar, tirashuvlar va Falastin borasidagi pozitsiyalar. Lekin bu sessiya O‘zbekiston uchun ham ahamiyatli. Buning sabablari bir qancha. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz’dagi kolonkasida shular haqida so‘z yuritadi.
Bu sessiyada O‘zbekiston nomidan davlat rahbari, prezident Mirziyoyev ishtirok etmoqda.
Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda BMT, uning Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik kengashi – global darajadagi diplomatik, g‘oyaviy va siyosiy bahs-munozaralarning, tirashuv va kurashuvlarning markazi bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolmoqda. Bu yer dunyo afkor ommasini o‘ziga ishontirish, o‘zining qarashlari va e’tirozlarini bildirish uchun asosiy makon sifatida ko‘riladi. Shuning uchun BMT, bir tomondan zerikarli va rasmiy bayonotlar makoni sifatida ko‘rilsa-da, ikkinchi tomondan, eng asosiy kurash – g‘oyalar kurashi aynan mana shu yerda kechadi. Shuning uchun dunyo davlatlari rahbarlari ko‘pincha shaxsan o‘zlari BMT Bosh Assambleyasi sessiyalarida ishtirok etib, dunyoga o‘z qarashlari, g‘oyalari, manfaatlari va loyihalari haqida bayonotlar berishadi.
O‘zbekiston prezidenti Mirziyoyevning Nyu-Yorkka tashrifini uch qismga bo‘lish mumkin.
Birinchi qism – AQShdagi yirik korporatsiyalar, kompaniyalar, banklar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan umumiy va yakkama-yakka uchrashuvlar. Prezident Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi boshlanguniga qadar, vaqtdan unumli foydalanib, Nyu-York shahrida Blackrock investitsion kompaniyasi direktorlar kengashi a’zosi va katta boshqaruv direktori Abedayo Orunelis bilan, Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Banga bilan, Citigroup korporatsiyasi raisi Jon Dugan bilan, qolaversa, NASDAQ, Boeing, Oppenheimer Holdings va boshqa yana o‘nlab juda qudratli korporatsiyalar, kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashib, O‘zbekistonga sarmoya kiritish yoki O‘zbekiston bilan hamkorlikda loyihalar qilishga chorladi. Bu, bir tomondan ko‘plab davlatlar uchun oddiy ko‘rinishi mumkin bo‘lgan holat. Lekin qudratli kompaniyalarning qiziqishi shunchaki diplomatik protokoldan ko‘ra yuqoriroq turuvchi holat hisoblanadi. Chunki bu kompaniyalar o‘zlarining real manfaatlaridan kelib chiqib, davlatlarga qiziqishadi, ularning rahbarlari bilan uchrashishadi. Tabiiyki, uchrashuv – real hayotga ko‘chadigan kafolatlangan loyiha emas. Tanishuv uchrashuvlaridan to hamkorlikdagi loyihalar qilingunga qadar katta masofa bor. Lekin bu tomonlarning qiziqishiga, intiluvchanligiga va manfaatlariga bog‘liq. O‘zbekiston xalqaro iqtisodiy gigantlar bilan hamkorlik qilish borasida ko‘pchilikda ko‘rinmaydigan intiluvchanlik ko‘rsatmoqda. Va buning samarasi davlatning xalqaro darajadagi aloqalari, qo‘shma loyihalar yoki sof xorijiy sarmoyalarda ko‘rinadi.

















