Vazirlar Mahkamasining «Oqilona iste’mol» dasturida to‘ylar, oilaviy tantanalar, marosim va boshqa shu kabi tadbirlar «belgilangan tartib» asosida qat’iy nazoratga olinishi belgilandi. Tartib 2021 yilda o‘rnatilgan.
2025-2026 o‘quv yili uchun bakalavriatga kirish imtihonlarida 56,7 va undan yuqori ball to‘plagan, biroq o‘qishga kirolmagan abituriyentlar vakant o‘rinlar qolgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga tanlovda ishtirok etishi mumkin.
Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
To‘y marosimlari va oilaviy tadbirlarni o‘tkazish qat’iy nazoratga olinadi
Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 16 sentabrdagi qarori bilan «Oqilona iste’mol» dasturini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Unda dastur doirasida to‘ylar, oilaviy tantanalar, marosim va boshqa shu kabi tadbirlar belgilangan tartib asosida qat’iy nazoratga olinishi belgilangan.
Dasturga ko‘ra, to‘ylar, oilaviy tantana va marosimlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kengashi va Senat kengashi qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida o‘tkazilishi shart. Ushbu nizomda oilaviy tadbirlarda 200 nafargacha, shu munosabat bilan beriladigan osh marosimida esa 250 nafargacha ishtirokchi qatnashishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Qo‘shaloq to‘y va hasharlarda 250 nafargacha, unga bog‘liq osh marosimida esa 300 nafargacha mehmon bo‘lishi mumkin.
1 noyabrdan aholining ayrim toifalarini ro‘yxatga olish tashkil etiladi
Prezidentning «O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.
Ro‘yxatga olishning asosiy maqsadlari - mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash uchun 38 million aholining tarkibi va migratsiyasi, oilaviy holati, faoliyat turi, daromad manbalari to‘g‘risida Yevropa statistiklari konferensiyasining 2020 yildagi tavsiyalari asosida yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish.













