Iqtisodiyot | 13:56 / 26.09.2025
2367
2 daqiqa o‘qiladi

BAAning GSU kompaniyasi O‘zbekistonda yashil energetikani rivojlantirishga 27 mln dollar investitsiya kiritadi

Investitsiya “Yashil energiya” kompaniyasiga kiritiladi. Mablag‘lar kichik quvvatli quyosh va gidroelektr stansiyalari hamda elektromobillarni yuqori tezlikda zaryadlash stansiyalarini qurishga yo‘naltiriladi.

Foto: Energetika vazirligi

Energetika vazirligida BAAning Global South Utilities (GSU) kompaniyasi bosh ijrochi direktori Ali Alshimmari va Masdar kompaniyasi bosh menejeri Maddi Niraj Kumar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini yanada oshirish, bu boradagi ishlarni jadallashtirish, sohada yangicha yondashuvlarni tatbiq qilish maqsadida GSU kompaniyasi bilan shartnomalar imzolangan.

Unga ko‘ra, GSU kompaniyasi “Yashil energiya” MChJga 27 mln AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritadi.

“Yashil energiya” kompaniyasi ijtimoiy soha obektlari, davlat organlari hamda boshqa tashkilotlarning bino va inshootlarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari uskunalarini o‘rnatish hamda ekspluatatsiya qilish ishlarini olib boradi.

“GSU kompaniyasi bilan hamkorlikda kichik quvvatli quyosh va gidroelektr stansiyalari hamda elektromobillarni yuqori tezlikda zaryadlash stansiyalarini qurish ishlari jadallashtiriladi. Shuningdek, ushbu “yashil” energiya manbalariga zamonaviy texnik xizmat ko‘rsatish ishlari olib boriladi”, — deyiladi rasmiy xabarda.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, bugungi kunda quyosh va shamol elektr stansiyalari ishlab chiqargan elektr energiyasi hajmi 8 mlrd kVt soatdan oshgan.

Avvalroq, O‘zbekistonda «yashil» energiya ishlab chiqarish umumiy hajmning 20 foizidan oshgani xabar qilingandi.

Мадина Очилова
Tayyorlagan Мадина Очилова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid