Jahon | 12:00 / 26.09.2025
4167
2 daqiqa o‘qiladi

Pistorius Rossiyaning kosmosdagi tahdidi haqida ogohlantirdi

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Rossiya va Xitoy o‘zining kosmik urush imkoniyatlarini kengaytirgani va Yevropa sun’iy yo‘ldoshlarini buzishi mumkinligini aytdi. U kosmik xavfsizlikka ko‘p milliard dollarlik sarmoya kiritilishini e’lon qildi.

Foto: Reuters

Rossiya va Xitoy o‘zining kosmik urush imkoniyatlarini kengaytirib, Germaniya va butun Yevropa uchun asosiy xavf tug‘dirmoqda. Bu haqda Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius 25 sentabr, payshanba kuni Berlinda Germaniya sanoat federal birlashuvi (BDI) tomonidan tashkil etilgan kosmik kongressda aytib o‘tdi.

Rossiya va Xitoy «sun’iy yo‘ldosh operatsiyalarini buzishi, aloqalarini to‘sib qo‘yishi, ularni manipulyatsiya qilishi yoki kinetik jihatdan yo‘q qilishi mumkin», dedi Germaniya Mudofaa vazirligi rahbari. Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya razvedka yo‘ldoshlari allaqachon Germaniya Bundesveri tomonidan qo‘llanadigan IntelSat sun’iy yo‘ldoshlarini va boshqalarni kuzatmoqda. Ayni paytda, Xitoy kosmik kemalari «agar gap samolyotlar haqida borganda, harbiy mashqlar deb atash mumkin bo‘lgan murakkab manyovrlarni amalga oshirmoqda», dedi Boris Pistorius.

U Berlinning 2030 yilga borib koinotda mudofaa va hujum qobiliyatini rivojlantirish uchun taxminan 35 milliard yevro sarmoya kiritish niyatini e’lon qildi. Rejalarda erta ogohlantirish, razvedka va aloqa uchun yangi sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish, shuningdek, Bundesver kosmik qo‘mondonligi tarkibida alohida harbiy sun’iy yo‘ldoshlarni boshqarish markazini yaratish ko‘zda tutilgan.

Pistorius Fransiya imperatori Napoleon I ning harbiy va siyosiy faoliyatini yakunlagan jangga ishora qilib: «Biz koinotda ham ko‘proq yevropalik bo‘lishimiz kerak. Agar shunday bo‘lmasak, bizni Vaterlooimiz o‘sha yerda bo‘ladi», dedi.

Mavzuga oid