Sog‘lom hayot | 17:10 / 30.09.2025
2543
3 daqiqa o‘qiladi

Sho‘r suv bilan chayish, bug‘ terapiyasi: tomoq shishini dorilarsiz davolash usullari

Tomoqdagi shish sovuq tushishi, virusli infeksiyalar yoki allergik reaksiyalar natijasida yuzaga keladigan holatdir. Dorilarsiz, uy sharoitida amalga oshiriladigan oddiy choralar yordamida mazkur a’zodagi shish, qizarish va og‘riqni kamaytirish mumkin. Bu usullar tanaga zarar yetkazmaydi va tiklanishni tezlashtiradi.

Foto: Shutterstock

Tomoq shishi tomoq to‘qimalaridagi yallig‘lanish yoki suyuqlik to‘planishi hisoblanadi. Ushbu simptomlar bilan birga qichishish, og‘riq, og‘izni ochishda yoki ovqat yutishda qiynalish, ba’zan esa ovozning o‘zgarishi ham kuzatiladi. Shish sabablari turlicha bo‘lishi mumkin: sovuq tushishi, virusli yoki bakterial infeksiyalar, allergiya, haddan tashqari ko‘p gapirish.

Uni dorilarsiz davolashning samarali usullari quyidagicha:

Iliq sho‘r suv bilan chayish

O‘rtacha haroratdagi sho‘r suv tomoqdagi yallig‘lanishni kamaytiradi va mikroblarni yo‘qotadi. Shuningdek, ushbu aralashma tomoqdagi bezlar va to‘qimalarni yumshatadi, shishni pasaytiradi. Chayish har 2–3 soatda bir marta amalga oshirilsa, natija tezroq seziladi. Suv iliq bo‘lishi kerak, sovuq yoki juda issiq suv esa tomoqni yanada qizartirib yuborishi mumkin.

Iliq ichimliklar iste’mol qilish

Nim issiq choy, zanjabil choyi, iliq suv yoki iliq asal aralashmasi tomoqni yumshatadi, og‘riqni kamaytiradi va shishni yengillatadi. Limon qo‘shish tabiiy antibakterial ta’sir beradi. Kofein va alkogol ichimliklar tomoqni quruqlashtirishi mumkin, shuning uchun ularni ichmaslik tavsiya etiladi.

Nam havo va bug‘ terapiyasi

Quruq havo tomoqdagi shishni kuchaytiradi. Uyda namlikni oshirish, iliq bug‘dan nafas olish yoki hammomdagi bug‘dan foydalanish holatni bartaraf etishga yordam beradi. Mazkur amaliyot tomoq to‘qimalarini namlaydi, mikroblarni yuvib chiqaradi va og‘riqni kamaytiradi.

Ko‘proq suyuqlik ichish va dam olish

Tanada suyuqlik yetishmasligi tomoq shishini kuchaytiradi. Ko‘p suv, tabiiy meva sharbatlari, choy ichish tanani namlaydi, toksinlarni chiqarishga yordam beradi. Shu bilan birga, yetarli dam olish immunitetni mustahkamlaydi va tomoqning tiklanishini tezlashtiradi.

Yallig‘lanishga qarshi tabiiy mahsulotlar

Zanjabil, asal, sarimsoq kabi tabiiy mahsulotlar tomoqdagi yallig‘lanishni kamaytiradi va mikroblarga qarshi kurashadi. Masalan:

  • iliq suvga asal aralashtirib ichish;
  • zanjabil choyi iste’mol qilish;
  • sarimsoqni yeyish (agar oshqozon muammosi bo‘lmasa).

Bu usullar tomoqni tabiiy ravishda davolashda samarali hisoblanadi.

Ovqatlanish tartibi

Qattiq, achchiq yoki juda issiq ovqatlar tomoq shishishini kuchaytiradi. Tomoq shishgan paytda yumshoq, iliq va suyuq ovqatlar iste’mol qilish tavsiya etiladi. Masalan, sho‘rva, pyure, iliq sut va choy.

Qachon shifokorga murojaat qilish kerak?

Dorilarsiz davolash ko‘p hollarda samarali bo‘lsa-da, quyidagi vaziyatlarda shifokor bilan maslahatlashish zarur:

  • tomoq shishi 3–4 kundan ko‘proq davom etsa;
  • nafas olish qiyinlashsa;
  • yuqori harorat, yutish qiyinligi yoki kuchli og‘riq kuzatilsa;
  • allergik reaksiyalar bilan birga yuzaga kelsa.

Mavzuga oid