Maqolada AQSh va O‘zbekiston yetakchilarining kameralar qarshisidagi uchrashuvidan oldin, Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘ida Mirziyoyevni maqtab post yozgani qayd etilgan.

Oq uy rahbari bu postida Boeing Dreamliner'lari xaridi bo‘yicha 8 mlrd dollarlik bitim uchun O‘zbekiston prezidentini maqtadi va bu kelishuv “AQShda 35 mingdan ortiq ish o‘rni yaratishi”ni aytdi.

“Janob Mirziyoyev so‘zida turadigan odam va biz yana ko‘plab masalalar ustida birgalikda ishlashda davom etamiz”, deya yozdi Tramp.

Forbes'ning yozishicha, bu so‘zlar – Trampning leksikonida “anchagina iliq xayrixohlik”dan darak beradi.

Nashr o‘z maqolasida O‘zbekiston prezidenti AQShning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy institutlari bilan uchrashuvlar o‘tkazgani, Mirziyoyev davrida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi savdo 4 barobarga oshgani, Amerikaning 300 dan ortiq kompaniyalari O‘zbekistonga investitsiya kiritayotganini qayd etgan.

“Strategik metallar va nodir minerallarni qazib olish ustuvor yo‘nalishdek ko‘rinmoqda. Bank, AT, transport va energetika infratuzilmasi hamda boshqa yo‘nalishlar ham muhokama markazida bo‘ldi”, – deyiladi xabarda.

Amerika jurnaliga ko‘ra, Trampning Armaniston va Ozarboyjonni tinchlikka yaqinlashtirish hamda Zangezur koridorini yorqin kelajakka ega “Tramp koridori”ga aylantirishga intilishlari – Markaziy Osiyo uchun asrlar davomida ilk marta Rossiya, Eron va Xitoyni aylanib o‘tgan holda dunyo savdo yo‘llariga ulanish imkonini beradi. G‘arb bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri savdo – mintaqa uchun qo‘shnilariga qaraganda yuksakroq va erkinroq siyosiy modelni anglatadi, deya yozadi Forbes.

O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning maslahatchisi Komil Allamjonov Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo dasturiga maxsus maslahatchi etib tayinlangani ham maqolada tilga olib o‘tilgan. Qayd etilishicha, bu tayinlov Toshkentning G‘arb bilan aloqalari avvalgidan yaqinroqligini ko‘rsatadi.

“Ilgari AQSh va Yevropa mintaqani o‘zgartirib bo‘lmas sovet an’analariga botgan “qorong‘u hudud” sifatida ko‘rar edi. [G‘arbning Markaziy Osiyoga] faol qiziqishi va [o‘zaro] hamkorlik esa vaziyatni o‘zgartiradi. Mintaqa o‘tmishda beqarorlik o‘chog‘i edi, AQShning qo‘llab-quvvatlashi esa transformatsiyaga yo‘l ochuvchi omil bo‘lib xizmat qiladi”, – deya yozadi nashr.