Iqtisodiyot | 17:22 / 02.10.2025
11439
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 72 mlrd dollardan oshdi

1 iyul holatiga, O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 72,2 mlrd dollarni tashkil etdi. Shundan 36,8 mlrd dollari – davlat tashqi qarzi, 35,4 mlrd dollari – korporativ tashqi qarzlardan iborat. Umumiy tashqi qarz qoldig‘i yil boshidan beri 8,1 mlrd dollarga oshdi. Yarim yillik joriy operatsiyalar hisobining manfiy saldosi 156,3 mln dollargacha qisqardi.

Foto: Getty Images

2025 yil birinchi yarim yillik yakuni bo‘yicha O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 72,2 mlrd dollarni tashkil qildi.

Shundan 36,8 mlrd dollari – davlat tashqi qarzi, 35,4 mlrd dollari – korporativ tashqi qarzlardir. Bu – Markaziy bank hisobotida keltirib o‘tilgan. Yil boshidan beri davlat tashqi qarzi 2,7 mlrd dollarga, korporativ tashqi qarz esa 5,2 mlrd dollarga ko‘paygan.

Ma’lumot uchun: korporativ tashqi qarz tarkibida xususiy sektor va davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan davlat kafolatisiz jalb etilgan tashqi qarzlar aks ettiriladi.

Joriy operatsiyalar hisobi

2025 yilning 1-yarmida xalqaro savdo siyosatining keskinlashuvi va global noaniqliklar ortishiga qaramasdan, O‘zbekiston tashqi sektori an’anaviy eksport mahsulotlari jahon narxlarining o‘sishi, shuningdek, tashqi mehnat migratsiyasi va turizm yo‘nalishlaridagi ijobiy tendensiyalar ta’sirida o‘zining muvozanat holatiga yaqinlashgan

Jumladan, joriy operatsiyalar hisobi 156,3 mln dollar manfiy saldo bilan shakllangan (2024 yilning 1-yarmida qariyb 2,9 mlrd dollar bo‘lgan). Bu savdo balansi taqchilligining sezilarli darajada qisqarishi hamda xorijdan O‘zbekistonga xalqaro pul o‘tkazmalari hajmining oshishi bilan izohlanadi.

Eksport hajmining importga nisbatan yuqoriroq sur’atlarda o‘sishi natijasida savdo balansining manfiy saldosi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20 foizga qisqarib, 6,4 mlrd dollarni tashkil qilgan. Xususan, jami eksport hajmi 29 foizga oshib, 16,6 mlrd dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, jami import hajmi 10 foizlik o‘sish bilan qariyb 23 mlrd dollarga yetgan.

2025 yilning 1-yarmi davomida O‘zbekistonga kelib tushgan xalqaro pul o‘tkazmalar hajmining o‘sishi birlamchi va ikkilamchi daromadlar balansi ijobiy saldo (mos ravishda 850 mln dollar va 5,4 mlrd dollar) bilan shakllanishiga sabab bo‘lgan.

Joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi to‘g‘ridan to‘g‘ri, portfel va boshqa investitsiyalar jalb qilinishi hisobiga moliyalashtirildi. Jumladan, 2025 yilning 1-yarmi davomida mamlakatga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof kiritilishi 2024 yilning mos davriga nisbatan 42 foizga o‘sib, 1,6 mlrd dollarga teng bo‘lgan. Portfel investitsiyalarning sof jalb qilinishi asosan xalqaro obligatsiyalar bilan bog‘liq operatsiyalar hisobiga 3,1 mlrd dollarni tashkil qilgan. Yuqoridagi tarkibiy omillar hisobiga hisobot davri yakuni bo‘yicha moliyaviy hisob manfiy saldosi 895,9 mln dollarni tashkil etgan.

To‘lov balansida aks etgan amaliyotlar va nooperatsiyaviy o‘zgarishlar ta’sirida O‘zbekistonning sof xalqaro investitsiyaviy mavqeyi joriy yil boshiga nisbatan 23 foizga mustahkamlanib, 2025 yil 1 iyul holatiga 16,9 mlrd dollarga yetgan.

Bunda, rezidentlarning chet el valutasidagi aktivlari hajmi yil boshiga nisbatan 12,1 mlrd dollarga (13 foiz) hamda tashqi majburiyatlari hajmi 8,9 mlrd dollarga (11 foiz) ko‘paygan.

Mavzuga oid