Sun’iy intellekt yaqin kelajakda o‘rningizni egallamaydi, ko‘p hollarda u sizning yordamchingiz bo‘ladi va samaradorligingizni oshiradi, deydi META kompaniyasining AI tadqiqotlari bo‘yicha vitse-prezidenti, asli o‘zbekistonlik mutaxassis Ruslan Salohutdinov. Qahramonimiz Kun.uz muxbiri bilan suhbatda takomillashayotgan SIning mehnat bozoriga ta’siri va uning «gallyutsinatsiya» muammolari, kundalik ishlarni o‘z zimmasiga oladigan avtonom agentlar haqida so‘z yuritdi.

Asli o‘zbekistonlik Ruslan Salohutdinov – sun’iy intellekt sohasidagi dunyoning yetakchi tadqiqotchilaridan biri. U AQShda bakalavriatni tamomlab, Toronto universitetida Jyefri Xinton rahbarligida aspiranturada tahsil oldi, doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.

U Apple kompaniyasida AI Research yo‘nalishini boshqargan. Keyinroq, META kompaniyasida – avtonom agent tizimlari va yirik til modellarini tadqiq etishni boshladi. Ruslan Salohutdinov ayni vaqtda META kompaniyasida AI tadqiqotlari bo‘yicha vitse-prezident hisoblanadi.

Qahramonimiz Kun.uz muxbiri bilan suhbatda sun’iy intellektning o‘zi qanday o‘zgargani va shu bilan birga butun umrini ushbu sohaga bag‘ishlagan inson qanday o‘zgargani haqida gapirib berdi.

Assalomu alaykum. Siz sun’iy intellekt sohasida ishlay boshlaganingizda, bu soha tor doirada ma’lum va ommalashmagan edi. Bugungi kunda u asosiy yo‘nalishlardan biriga aylanganiga munosabatingiz qanday?

– Men bakalavr darajasini tugatganimdan so‘ng, tegishli ravishda sun’iy intellekt sohasida shug‘ullanardim. O‘sha paytda bu uncha ommalashgan yo‘nalish emasdi. Hozirgi kunda, ha, bularning barchasi asosiy yo‘nalishga aylanib bormoqda. Bunga munosabatim juda ijobiy, albatta. Chunki, uzoq vaqtdan buyon shu sohadamiz va 15-20 yil oldin ishlagan narsalarimiz hozir amalga oshayotganini ko‘rish juda yoqimli. Go‘yo ulkan imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda. Sanoatda ham, ilm-fanda ham keng qo‘llanmoqda. Bularning barchasini kuzatish juda yoqimli va qiziqarli, chunki yana bir bor rivojlanish davom etmoqda. Bu sohani va fanni rivojlantirish uchun katta mablag‘lar sarflanmoqda.

Sizningcha, sun’iy intellektning qaysi sohasi keyingi tub o‘zgarishga olib kelib, sanoatni butunlay o‘zgartiradi?

– Umuman qanchadir vaqtdan keyin nima bo‘lishini bashorat qilish juda mushkul. Chunki hamma narsa shunchalik tez rivojlanmoqdaki, kelajakni oldindan aytish nihoyatda qiyin. Ammo menga shunday tuyuladiki, bu soha kamida keyingi besh yil ichida rivojlanishda davom etadi.