Ko‘chmas mulk | 18:51 / 03.10.2025
4740
2 daqiqa o‘qiladi

Prokuratura: Grand Mir o‘rnidagi qurilish loyihasi tasdiqlanmagan

Arxitektura-shaharsozlik kengashi Toshkent markazidagi Grand Mir mehmonxonasi o‘rnida qurilish qilish bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqmagan, deyiladi shahar prokuraturasining murojaatchiga bergan javobida. Poytaxt bosh rejasiga muvofiq, bu hududda 5 qavatdan baland bino qurish mumkin emas.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahridagi Grand Mir Hotel mehmonxonasi o‘rnida 30 qavatdan yuqori binolar qurilishi haqida tarqalgan xabarlarga rasmiy munosabat bildirildi. Xususan, Toshkent shahar prokurori o‘rinbosari Habibulla Mirsoatovning murojaatchilarga bergan javob xatidan ma’lum bo‘lishicha, Arxitektura-shaharsozlik kengashining ishchi komissiyasi Grand Mir Hotel o‘rnida qurilish uchun arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish va loyiha-smeta hujjatlarini tasdiqlash bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqmagan.

Qayd etilishicha, murojaatni ko‘rib chiqish jarayonida poytaxt prokuraturasi Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasiga so‘rov yuborgan.

Prokuratura 2024 yilning dekabr oyi oxirida tasdiqlangan Toshkentning 2045 yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasiga e’tibor qaratgan. Ushbu rejaga muvofiq, Grand Mir Hotel mehmonxonasi o‘rnida besh qavatdan baland bo‘lgan binolarni qurish taqiqlanadi.

Avvalroq yaqin kunlar ichida Toshkentning qoq markazida joylashgan mehmonxonani buzish boshlanishi kutilayotgani, uning o‘rnida 30 qavatdan yuqori bo‘lgan biznes va savdo markazlari qurilishi rejalashtirilgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid