AQSh g‘aznasi prezident Donald Tramp tasviri tushirilgan 1 dollarlik kolleksion tangalar chiqarish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.  

Loyihaga ko‘ra, tangada AQSh yetakchisi Amerika bayrog‘i fonida qo‘lini musht qilib ko‘tarib turgan holatda tasvirlanadi. Bu tasvir 2024 yilda unga suiqasd qilingandan so‘ng olingan fotosuratga shama qiladi. G‘azna vakili yakuniy dizayn hozircha tasdiqlanmaganini bildirdi.  

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt bu xabarga izoh berarkan, "Tramp buni (xabarni) ko‘rgan-ko‘rmaganini bilmayman, lekin bu unga yoqishiga ishonchim komil", dedi.

AQShda esdalik tangalari zarb etish an’anaga aylangan. 1986 yilda Ozodlik haykaliga atab chiqarilgan va qariyb 15,5 mln dona sotilgan tanga mamlakatdagi eng ommabop tanga hisoblanadi. Shuningdek, Jorj Vashingtonning 250 yilligi, 1984 yilda Los-Anjyelesda o‘tkazilgan yozgi Olimpiada o‘yinlari va AQSh konstitutsiyasining 200 yilligiga atab chiqarilgan tangalar ham yaxshi sotilgan.