AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zini tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod sifatida lobbi qilish bo‘yicha ham omma oldida, ham yopiq eshiklar ortida faol kampaniyani boshladi, deb yozdi Bloomberg. Ushbu kampaniya laureat e’lon qilinishidan oldingi so‘nggi kunlarda avj olmoqda. Mukofot sohibi 10 oktyabr kuni e’lon qilinadi.

O‘tgan hafta BMT Bosh assambleyasida Tramp shunday degan edi: «Hamma meni tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini olishim kerakligini aytmoqda». Uning so‘zlariga ko‘ra, na u, na AQSh «Ibrohim kelishuvlari» – Isroil va qator arab davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish to‘g‘risidagi bitim uchun hech qachon e’tirof etilmagan. Kelishuvlar 2020 yilda, Trampning birinchi prezidentlik muddati paytida imzolangandi.

Tramp, shuningdek, 2025 yil yanvar oyida Oq uyga qaytganidan beri kamida oltita urushni to‘xtatganini (jami to‘qqizta mojaroga aralashganini) muntazam ravishda ta’kidlaydi. Ular orasida Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi, shuningdek, Armaniston (AQSh prezidenti uni doimo Albaniya bilan adashtiradi) va Ozarboyjon (uni kamida bir marta Kambodja deb atagan) o‘rtasidagi qurolli mojaro bor.

To‘g‘ri, tinchlikparvar Trampning xizmatlarini hamma ham tan olmaydi. Tanqidchilar ta’kidlashicha, AQSh prezidenti tinchlikka erishgan harbiy harakatlar «kichik miqyosda bo‘lgan, uning roli cheklangan yoki gap allaqachon tugagan mojarolar haqida borgan».

Trampning Nobel qo‘mitasiga bosim o‘tkazishga urinishlariga yana bir misol sifatida Bloomberg uning sentabr oyi oxirida deyarli barcha amerikalik generallar va admirallarning yig‘ilishidagi nutqini keltiradi. Shunda u tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti berilishiga umid qilmayotganini aytgandi. «Ular [Nobel qo‘mitasi] uni hech narsa qilmagan qandaydir yigitga beradi», dedi AQSh prezidenti va bu «AQSh uchun katta haqorat» bo‘lishini ta’kidladi. Ushbu izoh AQSh G‘azo sektoridagi urushni to‘xtatish bo‘yicha «Tramp rejasi»ni e’lon qilganidan bir kun o‘tmay paydo bo‘ldi.

Trampning Nobel mukofotiga da’vogarligi masalasini nafaqat prezidentning o‘zi, balki uning ma’muriyati a’zolari ham ko‘tarmoqda. AQSh yetakchisining maxsus vakili Stiv Uitkoff avgust oyida Vashingtonda bo‘lib o‘tgan vazirlar mahkamasi yig‘ilishida Nobel qo‘mitasi «nihoyat ishga kirishishi» va mukofotni o‘z boshlig‘iga topshirishi kerakligini aytgandi. Bloomberg manbalariga ko‘ra, u bu mavzuni yevropalik hamkasblari bilan shaxsiy suhbatlarda ham muhokama qilgan. Bu g‘oyani ilgari surishda AQSh davlat kotibi Marko Rubio ham ishtirok etgan, deb ta’kidladi Bloomberg.