Sport | 18:31 / 08.10.2025
12510
5 daqiqa o‘qiladi

«Ilk jiddiy chaqiriq» –​​​​​​​ xorij matbuoti Kannavaroning O‘zbekistonga kelishi haqida

Ko‘plar bu tayinlovni iliq qarshilagan, shu bilan bilan birga, ishonchsizlik bildirganlar ham yo‘q emas.

Italiya safida 2006 yilgi mundial chempioni bo‘lgan Fabio Kannavaro oradan 20 yil o‘tib murabbiy sifatida jahon chempionatida ishtirok etadi. Italiyalik mutaxassisning O‘zbekiston milliy jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlanishi chet el matbuotida qanday kutib olindi? Kun.uz bu boradagi munosabatlarni bir sahifaga jamladi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

O‘z vaqtida Italiya milliy jamoasida Kannavaro bilan yelkama-yelka to‘p tepgan, hozirda esa ushbu jamoani boshqarayotgan Jyennaro Gattuzo ushbu tayinlov haqida o‘z uslubida hazil qildi.

«Men Kannavaroga qo‘ng‘iroq qildim: Bu nimasi endi? Atir sepding, sochingni gellading va jahon chempionatiga ketyapsan. Men esa bu yerda yo‘llanma uchun kurashib yotibman», – degan sobiq futbolchi. 

FIFA prezidenti Janni Infantino ushbu tayinlovga birinchilardan bo‘lib reaksiya bildirdi. Futbol amaldori Kannavaroni mundialda ishtirok etishi bilan qutladi. Shu bilan birga, Infantino Kannavaroning Italiya sardori sifatida 20 yil avval mazkur musobaqa bosh sovrinini ko‘targani, endi O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi sifatida mundialda ishtirok etishini alohida qayd etdi.

Yaqin o‘tmishning eng taniqli murabbiylaridan biri, italiyalik taniqli mutaxassis Fabio Kapello esa «Kannavaroning tayinlanishi – juda yaxshi tanlov» bo‘lganini bildirdi. 

«U juda katta tajribaga ega va aniq O‘zbekiston milliy jamoasiga yordami tegadi», – deydi Italiya milliy jamoasi sobiq bosh murabbiyi.

Ispaniyaning mashhur AS nashri jurnalisti Alexandro Sato ushbu tayinlov haqida yozarkan, «Kannavaro murabbiy sifatida ilk jiddiy chaqiriqqa duch kelgani»ni ta’kidlagan. U italiyalik mutaxassisning oldida rivojlanish bosqichidagi jamoadan raqobatbardosh loyiha yaratishdek qiziqarli, ayni paytda juda murakkab vazifa turganini qayd etdi.

Amerikaning FoxSpors nashri Kannavaro tayinlovi haqida e’lon qilgan maqolada «bu o‘zbek futboli tarixida yangi sahifa ochilishi» ekani keltirilgan.

Shu bilan birga, ispaniyalik futbol sharhlovchisi, jurnalist Xose David Lopes Kannavaroning tayinlanishi «katta xato» bo‘lgani haqida yozdi

Taniqli futbol karikaturachisi Omar Mo‘maniy hali Kannavaro tayinlanmasidan turib, ushbu voqeaga ham o‘z uslubida munosabat bildirib ulgurgandi. U Kannavaroning O‘zbekiston bosh murabbiyi bo‘lishidan hammadan ham ko‘proq Abduqodir Husanovning xursand bo‘lishini yozgandi. Bu bilan u Kannavaro ham Husanov kabi markaziy himoya chizig‘ida to‘p tepganiga ishora qilgan.

Ta’kidlash joiz, tarmoqlarning inglizzabon segmentida «Manchester Siti» muxlislari Kannavaroning O‘zbekiston milliy jamoasiga bosh murabbiy bo‘lganidan xursand ekanini yashirib o‘tirmayapti. «Shaharliklar» muxlislari Abduqodir Husanovning Kannavarodan ko‘p narsa o‘rganishiga ishonch bildirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi milliy jamoaning yangi bosh murabbiyi bilan 2+3 sxemasida, ya’ni keyinroq 3 yilga uzaytirish imkoniyati bilan 2 yillik shartnoma tuzgan. Unga murabbiylar shtabida vatandoshlari Aujyenio Albarayella, Troize Fransesko va Antonio Klimenti yordam beradi.

Ma’lumot uchun, Kannavaro futbolchi sifatida Italiyaning qator klublarida, xususan, «Napoli», «Inter» va «Yuventus»da to‘p surgan, 20062009 yillarda Madridning «Real» klubi a’zosi bo‘lgan. U 2006 yilgi jahon chempionatida Italiya milliy jamoasi bilan g‘olib chiqqan, o‘sha mavsum yakunida «Oltin to‘p» mukofotini qo‘lga kiritgan. U hozirgacha ushbu mukofotga ega chiqqan yagona himoyachi bo‘lib qolmoqda.

Ammo uning murabbiylik faoliyati u qadar yorqin kechmagan. Uning dastlabki ish joyi Xitoyning «Guanchjou Evergrand» klubi bo‘lgan (2014-2015), keyinroq Saudiya Arabistonining «An-Nasr» (2015-2016), Xitoyning «Tyanszin» (2016-2017), «Guanjchou» (2017-2021) klublarida ishlagan, 2019 yilda bir muddat Xitoy milliy jamoasini boshqargan, so‘ngra Italiyaning «Benevento» (2022-2023) hamda «Udinize» (2024) klublarida faoliyat yuritgan. So‘nggi ish joyi Xorvatiyaning «Dinamo» Zagreb klubi bo‘lib turgandi. U 2024 yil dekabrida ushbu jamoa bosh murabbiyi etib tayinlangan, ammo 2025 yil aprelida qoniqarsiz natijalar tufayli iste’foga chiqarilgan edi.

Mavzuga oid