Markaziy bank sentabr oyidagi so‘rovlar natijasiga ko‘ra aholining inflyatsion kutilmalari hisobotini taqdim etdi. Unga ko‘ra, aholi va tadbirkorlar orasida narxlar bo‘yicha kutilmalar sentabr oyida biroz pasaygan, biroq iqtisodiy sub’yektlar uchun bir qancha tashqi va ichki bosim manbalari saqlanib qolmoqda.
Inflyatsion kutilmalar
Sentyabr oyida aholining kelgusi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalari 12 foiz darajasida qayd etildi – avvalgi oylarga nisbatan 0,2 foiz bandga pasayish kuzatildi. Ushbu o‘lchov jami 3 420 respondent fikri asosida aniqlangan.

Tadbirkorlik sub’yektlari orasida inflyatsion kutilmalar 11,7 foizni tashkil etdi, bu esa o‘tgan oyga nisbatan 0,1 bandga pasayishdir.
Inflyatsion kutilmalarning omillari
O‘zbekistonliklar fikricha, keyingi bir yilda narxlarning oshishiga eng ko‘p sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan omil – bu kommunal xizmatlarning qimmatlashishi. Respondentlarning 46 foizi ana shundan xavotirda.
So‘rovda qatnashgan aholi vakillarining 41 foizi yoqilg‘i va energiya narxlarining o‘sishini kutmoqda. Respondentlarning har to‘rt nafaridan birining fikricha, keyingi 12 oyda ish haqi va nafaqalar oshishi, transport xarajatlarining ortishi va asosiy oziq-ovqatlar qimmatlashishi – inflatsiyaning asosiy omillaridan biri bo‘ladi.
Biznes esa asosan kommunal xizmatlar, yoqilg‘i va energiya resurslari narxi eng ko‘p oshishini taxmin qilyapti. Har o‘nta tadbirkordan to‘rt nafari shunday kutilmaga ega.
Hududiy va sohalar kesimidagi tafovutlar
Inflyatsion kutilmalar hududlar kesimida ancha farqlanadi. Aholi orasida eng yuqori ko‘rsatkich Sirdaryo viloyatida (12,7 foiz), eng past ko‘rsatkich esa Buxoro viloyatida (10,5 foiz) kuzatilgan.
Toshkent shahri, Samarqand va Xorazm viloyatlaridagi tadbirkorlar orasida inflyatsion kutilmalar 13 foizdan baland. Qoraqalpog‘istondagi biznes 10,3 foiz, Qashqadaryodagi tadbirkorlar 10,4 foizlik inflatsiya kutilmalariga ega.
Sohalar kesimida qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchilar narxlar o‘sishini pastroq baholagan bo‘lsa, axborot texnologiyalari va OAV sohasidagi respondentlar orasida kutilmalar yuqoriroq.











