2023 yil 7 oktabr kuni Hamasning qurolli qanoti – Al-Qassam brigadalari va boshqa falastinlik guruhlar Isroilning uzoq yillik zulmlariga javoban janubiy Isroilga hujum uyushtirdi. Rasmiy Tel-Avivga ko‘ra, o‘sha kuni 1 ming 139 kishi halok bo‘lgan, taxminan 240 kishi esa garovga olinib, G‘azoga olib ketilgan. Bunga javoban, Isroil G‘azoni bombardimon qilishni boshladi va 16 yil davom etgan qamaldan keyin sektorning blokadasini yanada kuchaytirib, uni to‘liq blokadaga oldi.

Al-Jazeera tahlilchilari butun dunyoning larzaga solgan urush jinoyatining qurbonlari haqida raqamlarni jamladi.

Ikki yil davom etgan Isroil hujumlari kamida 67 ming falastinlikni o‘ldirgan. Yana minglab odamlar vayronalar ostida qolgan. Bu – har 33 kishidan biri, ya’ni urushgacha bo‘lgan aholining taxminan 3 foizi halok bo‘lganini anglatadi.

Foto: CNN

O‘ldirilganlar orasida kamida 20 ming bola bor. Demak, oxirgi 24 oy ichida har soatda bitta bola o‘ldirilgan.

Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi o‘lim holatlarini kasalxonaga olib kelingan yoki rasmiy ro‘yxatga olingan odamlar asosida sanaydi. Haqiqiy raqamlar esa noma’lum, ehtimol ancha yuqori bo‘lishi mumkin. Chunki rasmiy hisobda vayronalar ostida qolgan yoki bedarak yo‘qolganlar yo‘q.

Omon qolganlarning fojiasi

G‘azo sektorida 169 mingdan ortiq kishi yaralangan, ko‘plarining tan jarohatlari umrboqiy nogironlikka sabab bo‘lgan.

UNICEF hisob-kitobiga ko‘ra, G‘azoda 3–4 ming bola bir yoki ikkala oyoq-qo‘lini yo‘qotgan. G‘azodagi oz sonli sog‘liqni saqlash muassasalari dori-darmon, jihoz va narkoz tanqisligidan og‘ir ahvolda ishlamoqda.

Isroil shu muddat ichida G‘azodagi deyarli barcha shifoxona va tibbiy markazlarga hujum qilgan. So‘nggi ikki yil ichida kamida 125 tibbiyot inshooti, jumladan 34 ta shifoxona zararlangan.

Isroil zarbalari va bombardimonlar oqibatida 1 722 nafar tibbiyot va humanitar xodim halok bo‘lgan.