Ukraina qurolli kuchlari Donbass markazida Rossiya armiyasining hujumini to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq, buning uchun katta to‘lov qilishga to‘g‘ri keldi: avgust oyida Ukraina qo‘mondonligi Rossiya qurolli kuchlarining Pokrovsk va Konstantinovka oralig‘ida yorib o‘tish joyiga («Dobropilya yorig‘i») boshqa yo‘nalishlardan katta kuchlarni olib kelib tashladi; natijada qo‘shimcha kuchlar olingan yo‘nalishlarda ukrainlar mudofaasi zaiflashgan. Xususan, Rossiya qo‘shinlari Shimoliy Don daryosining ikkala qirg‘og‘i bo‘ylab Slovyansk tomon harakatlanib, Ukraina qurolli kuchlari 2022 yil kuzidan beri muvaffaqiyatli mudofaa qilib kelayotgan Kreminsk o‘rmonlarini egallab oldi. Rossiyaning yana bir guruhi Dnipropetrovsk va Zaporijjya oblastlari chegarasi bo‘ylab g‘arbga deyarli to‘siqsiz harakatlanmoqda. Bundan tashqari, Zaporijjya janubida, Zaporijjya oblastining Orixiv shahri yaqinida hamda Xarkiv oblasti sharqidagi Kupyansk atrofida ham nisbatan kichikroq miqyosdagi inqirozlar yuzaga kelgan.

«Dobropilya yorig‘i»

Frontning Pokrovsk va Konstantinovka oralig‘idagi uchastkasida so‘nggi haftalarda ko‘p narsa oydinlashdi. Agar avgustda va sentabr boshida bu hududdan faqat bir necha video e’lon qilingan bo‘lsa (asosan Ukraina qurolli kuchlari mudofaasiga chuqur kirib borgan rossiyalik harbiylarga qarshi ukrainlarning qarshi hujumlari aks etgan kadrlar), endi geolokatsiyasi aniqlangan videolar orqali bu amaliyotning to‘liq xronologiyasini tuzish hamda front chizig‘ining hozirgi holatini baholash mumkin (buni amalga oshirish hali ham qiyin, chunki chinakamiga yaxlit chiziq shunchaki yo‘q).

Avgust oyi boshida Rossiyaning 51-armiyasi bo‘linmalari nisbatan kichik kuchlar bilan Ukraina mudofaasiga Zapovedne (sobiq Nikanorovka) hamda Vladimirovka o‘rtasidan 20 kilometr masofada chuqur kirib kelgandi va Dobropilya – Kramatorsk yo‘liga chiqqandi. Shuningdek, RF qurolli kuchlari harbiylarini Dobropilyaning shimoli-sharqiy chekkalarida uchratishgan.

Avgust o‘rtalarida Ukraina qurolli kuchlari Dobropilyaga turli yo‘nalishlardan (asosan Sumi oblastidan, shuningdek, Kupyansk, Chasiv Yar, Dnipropetrovsk oblasti sharqidan ham) zaxira kuchlarni olib keldi. Bu esa RF qurolli kuchlarini Dobropilya – Kramatorsk yo‘lidan uloqtirib tashlashga imkon berdi. Ammo RF qurolli kuchlarini ushbu yo‘nalishda egallagan barcha hududlardan siqib chiqarishga bo‘lgan urinishlar (Zapovedne, Novotoretskda rus qo‘shinlarining g‘arbiy qanotiga hamda sharqiy qanotda Pankovkaga zarbalar berish orqali) muvaffaqiyat keltirmadi.