Biznes | 15:29 / 15.10.2025
4869
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondan yana bir aviakompaniya Nyu Yorkka reys ochmoqchi, AQSh talablari qanday?

Qanot Sharq aviakompaniyasi Toshkentdan Nyu Yorkka muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yishni reja qilmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, kompaniya ushbu so‘rov bilan AQSh Transport vazirligiga ariza jo‘natgan. Lekin federal ma’muriyat talablari anchagina jiddiy.

Foto: Qanot Sharq

O‘zbekistonning Qanot Sharq aviakompaniyasi Toshkent va Nyu York o‘rtasida parvozlarni amalga oshirishga ruxsat so‘rab AQSh Transport vazirligiga murojaat qildi. Bu haqida bir necha kun oldin Aviation week network xabar qilgan.

Hozirga qadar mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, reyslar haftasiga ikki marta amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Agar AQSh Transport vazirligi aviakompaniyaning arizasini qabul qilsa, Qanot Sharq O‘zbekistondan AQShga muntazam reyslarni amalga oshiruvchi birinchi xususiy aviakompaniyaga aylanadi.  

Chunki ayni paytda Toshkent–Nyu York yo‘nalishi bo‘yicha reyslarni faqat Uzbekistan Airways aviakompaniyasi amalga oshirib kelmoqda. Shuni ham qo‘shimcha qilish kerakki, O‘zbekiston to‘g‘ridan to‘g‘ri AQShga reyslar qo‘ygan Markaziy Osiyodagi yagona davlat bo‘lib kelyapti. Qozog‘iston aviakompaniyalari bir necha yildan beri AQShga reys ochishni rejalashtiradi.  

Taxminlarga ko‘ra, AQSh rasmiylari 2025 yil oxiri yoki 2026 yildan Qanot Sharq’ga parvozlarni boshlashga ruxsat berishi mumkin.  

Ma’lum bo‘lishicha, AQShga reys ochish uchun Transport vazirligi qator talablarni qo‘yadi. Masalan, iqtisodiy vakolat. AQShniki bo‘lmagan aviakompaniyalar bu davlatga yo‘lovchi yoki yuk tashish reysini qo‘yish uchun, albatta, vazirlikdan iqtisodiy vakolatni olishi lozim. Buning uchun esa Transport departamenti kompaniyaning moliyaviy salohiyati, holati va aktivlarini tekshiradi. Sug‘urta majburiyatlari va sug‘urta polislari, aviatsiya javobgarligi tekshiruvdan o‘tadi. Shuningdek, kompaniyaning aviatsiya litsensiyasi va davlat tomonidan havola etiladigan hujjatlar ko‘rib chiqiladi.  

Rejalashtirilgan operatsiyalar, jumladan, yo‘nalishlar jadvali, tezlik, samolyot turlari, boshqaruv hamda menejment xodimlarining tajribasi nazoratdan o‘tadi.  

Ikkinchi majburiy talab esa – xavfsizlik kafolatlari. AQShga reyslar amalga oshirayotganda kompaniya federal aviatsiya ma’muriyatining operatsion standartlariga, albatta, rioya qilishi kerak. Masalan, samolyotlarning texnik holati, texnik xizmat ko‘rsatish dasturlari va parvarish rejimlari – belgilangan normalar asosida bo‘lishi talab etiladi.

Transport vazirligi talablari ichida xavfsizlik va nazorat, ichki AQSh qonunlari va normalariga rioya etish, jamoat manfaatiga bu reys o‘zi qanchalik mos kelishini o‘rganib chiqish ham kiradi.

Mavzuga oid