21 noyabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Oq Uyda Nyu York shahrining yangi saylangan meri Zohran Mamdanini kutilmagan tarzda iliq va do‘stona qabul qildi. Xususan, prezident Donald Tramp bu yil Oval ofisda bir nechta dramatik qarama-qarshiliklarga sabab bo‘lgan edi. Shunda kelib chiqib, ko‘pchilik bu uchrashuvdan ham «portlaydigan voqealar» kutgandi. Ammo ularning ikkisi ham jurnalistlar oldida kutilmagan darajada sokin va samimiy chiqishlar qilib, ochiq qarama-qarshilikka bormadi.
Tramp ilgari Mamdanini «kommunist telba» va «mutlaq es-hushdan ayrilgan odam» deb atagan bo‘lsada, Mamdani esa Tramp ma’muriyatini «avtoritar» deb ta’riflagandi.
Ikki yetakchi taxminan 45 daqiqa uchrashishdi. Mamdani Oq uy G‘arbiy bo‘limi bo‘ylab ekskursiya ham qildi. Bu ekskursiya Kabinet xonasiga tashrifni o‘z ichiga oldi, u yerda Tramp ikkisi Franklin Ruzvelt portreti qarshisida suratga tushdi.

Prezident maslahatchilari aytishicha, Tramp uchrashuv muvaffaqiyatli bo‘lishiga qat’iy bel bog‘lagan, so‘nggi ikki kun ichida u haqida shaxsiy suhbatlarda maqtov bilan gapirgan.
Associated Press nashrining yozishicha, uchrashuv ikkala siyosatchi uchun ham imkoniyatlar yaratdi. Xususan, Mamdani AQShning «eng qudratli» shaxsi bilan yuzma-yuz suhbatlashish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Tramp uchun esa «yashash xarajatlari bo‘yicha saylovchilar xavotirlariga javob berish zarurati oshayotgan» vaqtda arzonlashtirish masalasida chiqish qilish imkoniyati yaraldi.
Ular nimalarni gaplashdi?
Mamdani va Tramp uy-joy arzonligi, oziq-ovqat va kommunal xizmatlar narxi haqida gaplashishganini aytishdi. Mamdani saylovlarda inflatsiyadan kelib chiqqan norozilik kayfiyatini o‘z g‘alabasiga aylantirgandi.
«Uning ayrim g‘oyalari meniki bilan bir xil,» dedi prezident Mamdanining inflatsiya borasidagi qarashlari haqida.
U ayrim paytlarda hatto Mamdanini himoya qilayotgandek ko‘rindi: bir necha savollarda uning o‘rniga aralashdi. Masalan, jurnalistlar Mamdaniga prezidentni avval «avtoritar» deb ataganini aniqlashtirishni so‘raganida, Tramp: «Meni bundan ham battarroq deb atashgan. Shuning uchun bu unchalik ham og‘ir emas»,


















