Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Nyu Yorkda 11 yoshli o‘zbekistonlik maktab avtobusi urib yuborishi oqibatida halok bo‘ldi
U bu vaqtda piyodalar yo‘lagini kesib o‘tayotgan bo‘lgan, haydovchi esa to‘qnashuvni payqamasdan, yo‘lida davom etgan. Amiraning qo‘shnilari chorrahada hamdardlik burchagi tashkil qilishgan. Nyu Yorkdagi Bosh konsulxona bolaning onasi bilan aloqada ekanini bildirdi.
Foto: NY Daily News / CBS
5 fevral kuni mahalliy vaqt bilan soat taxminan 15:00 da Nyu York shahrining Bruklin tumanidagi chorrahada o‘zbekistonlik 11 yoshli Amira Aminovani maktab avtobusi urib ketdi.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, boshi va tanasidan og‘ir jarohatlar olgan jabrlanuvchi Bruklindagi Maymonid tibbiyot markaziga olib borilgan, ammo shifokorlar uni qutqarib qololmagan.
Kuzatuv kameralaridagi tasvirlarda Amira piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgani aks etgan – bu vaziyatda yo‘lni kesib o‘tishda ustunlik piyodada bo‘lgan, ammo chorrahadan burilgan avtobus haydovchisi uni ko‘rmay qolgan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, tez yordam yetib kelguniga qadar, yo‘ldan o‘tib ketayotgan hamshira Amiraga yurak-o‘pka reanimatsiyasini o‘tkazish orqali yordam ko‘rsatishga harakat qilgan.
Maktab avtobusi boshqaruvida bo‘lgan 62 yoshli haydovchi Vava Aurelus esa voqea joyida to‘xtamasdan ketib qolgan. Keyinchalik u to‘xtatilib, so‘roq qilinganida bu to‘qnashuvni payqamaganini aytgan.
Haydovchiga nisbatan piyodaga yo‘l bermaslik va transport vositasini boshqarishda zarur ehtiyot choralarini ko‘rsatmaslik (e’tiborsizlik) bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Voqea joyini tark etish bo‘yicha ayblov qo‘yilmagan.
Sud 24 fevral kuniga belgilangan.
CBS News ma’lumotiga ko‘ra, fojia Amira yashaydigan uydan taxminan 60 metr masofada ro‘y bergan. Qo‘shnilar chorrahada norasmiy xotira burchagini tashkil qilishgan – u yerda gullar, shamlar, yumshoq ayiqcha va qizaloqning eng sevimli shirinligi – oq shokoladlar qoldirishgan.


O‘zbekistonning Nyu York shahridagi bosh konsulxonasi Bruklinda yo‘l-transport hodisa yuzasidan munosabat bildirdi.
«Marhum qizaloqning onasiga, yaqinlari va barcha qarindosh-urug‘lariga ushbu og‘ir va qaytib to‘ldirib bo‘lmas yo‘qotish munosabati bilan samimiy va chuqur ta’ziya bildiramiz», – deyiladi xabarda.
Bosh konsulxona bolaning onasi bilan doimiy aloqada bo‘lib turgani, shuningdek, Nyu Yorkdagi tegishli vakolatli idoralar bilan hamkorlik qilayotganini bildirgan.
«O‘zbekistonning AQShdagi diplomatik muassasalari marhumaning oilasiga birinchi murojaatdanoq va to‘liq hajmda zarur yordam ko‘rsatishga tayyor», – deya qo‘shimcha qilinadi bayonotda.
Mavzuga oid
16:19 / 07.02.2026
Zarqaynar ko‘chasida YTH: ikki avtomashina to‘qnashuvi qayd etildi
19:53 / 02.02.2026
Samarqanddagi YTH oqibatida velosipedchi halok bo‘ldi
16:15 / 01.02.2026
Turkiyada avtobus ag‘darilishi oqibatida 8 kishi halok bo‘ldi
11:50 / 29.01.2026