Jahon | 09:20 / 20.10.2025
3741
2 daqiqa o‘qiladi

Luvrdagi o‘g‘rilik: politsiya to‘rt kishini qidirmoqda

Luvrdagi o‘g‘rilikdan so‘ng politsiya sakkizta eksponatni o‘g‘irlab, skuterlarda qochib ketgan to‘rt kishini qidirmoqda. Prokuratura va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron tergov muvaffaqiyatiga ishonch bildirmoqda.

Foto: Gonzalo Fuentes/REUTERS

Fransiya hukumati Parijdagi Luvr muzeyidagi o‘g‘rilik bilan bog‘liq bo‘lgan to‘rt kishini qidirmoqda, bu haqda 19 oktyabr, yakshanba kuni poytaxt bosh prokurori Lora Beko ma’lum qildi. Fransiya ichki ishlar vaziri Loran Nunes o‘g‘rilikni «juda tajribali guruh» amalga oshirganini aytdi.

Bekoning so‘zlariga ko‘ra, to‘rt kishi Fransiya toji buyumlari saqlanadigan Luvrdagi Apollon galereyasida o‘g‘rilik sodir etgan «kuchli otryad»ning bir qismi bo‘lgan. Ular yuzlariga niqob taqib, kuchli skuterlarda voqea joyidan yashiringan. Nunesning fikricha, ular xorijliklar bo‘lishi mumkin.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘g‘rilar yuk ko‘taruvchi mashinadan derazani sindirish va birinchi qavatdagi Apollon galereyasidagi mo‘ljallangan xonaga to‘g‘ridan to‘g‘ri kirish uchun foydalangan. Butun operatsiya yetti daqiqa davom etgan, dedi Nunes.

BFM telekanali o‘g‘rilardan biri sariq jilet kiyib, vitrinani sindirgani aks etgan videoni chop etdi. Bu jilet va skuterlardan biri keyinroq politsiya tomonidan topilgan.

O‘g‘rilar Napoleon va Jozefina buyumlari kolleksiyasidan marjon, jig‘a va diadema kabi sakkizta buyumni olgan. Jinoyat sodir bo‘lgan joyda to‘qqizinchi buyum — qimmatbaho toshlar bilan qoplangan toj topildi. «Muzey yaqin kunlarda o‘g‘irlangan narsalarni qaytarib olishiga shubham yo‘q», — dedi Parij bosh prokurori. Uning qo‘shimcha qilishicha, ish bo‘yicha 60 ga yaqin tergovchi ishlamoqda.

Mavzuga oid