AQShda ham ishchilar yashash xarajatlari oshib ketganidan shikoyat qilishyapti. Tuxum kabi asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining narxi keskin qimmatlashgan, uy-joy narxlari ham ish haqi o‘sishidan tezroq ko‘tarilyapti. Natijada soliqqa tortish tizimidagi eng yuqori toifaga kiruvchi, olti raqamli daromad oluvchilar ham o‘zlarini arang kun kechirayotgandek his qila boshlashgan.
Goldman Sachs kompaniyasining yangi hisobotiga ko‘ra, yiliga 300 mingdan 500 ming dollargacha topadigan amerikalik ishchilarning 41 foizi, shuningdek, 500 ming dollardan ortiq topadiganlarning 40 foizi o‘zlarini «oylikdan oylikkacha yashayapmiz» deb hisoblaydi.
Kutilmagan tarzda nisbatan kamroq maosh oluvchilar: yiliga 200 mingdan 300 ming dollargacha daromad topadiganlarning atigi 16 foizi o‘z xarajatlarini qoplashda qiynalayotganini bildirgan.
Daromad spektrining yanada quyiroq qismida joylashganlar: yiliga 100 mingdan 200 ming dollargacha topadigan xodimlarning 25 foizi, 50 mingdan 100 ming dollargacha daromad oladiganlarning esa 36 foizi oylikdan oylikkacha yashayotganini ma’lum qilgan. O‘z navbatida, yiliga 50 ming dollardan kam topadigan amerikalik ishchilarining 57 foizi maoshlar kun kechirish uchun zo‘rg‘a yetishini aytgan.
Nega ko‘p pul topadiganlar qiynalishni boshlagan?
Bir qarashda yuqori daromad oluvchilarning kam maoshli ishchilar bilan bir xil moliyaviy bosimni his qilayotgani mantiqsizdek tuyuladi. Ammo, tadqiqot bu paradoksni «hayot tarzi inflatsiyasi» bilan bog‘lagan. Ya’ni ilgari hashamat hisoblangan narsalar ayrim daromad guruhlarida asta-sekin zaruratga aylana boshlagan.
«Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, moliyaviy bosim faqat past daromadli ishchilar bilan cheklanmaydi. Yuqori daromad egalari orasida ham oylikdan oylikkacha yashayotgan yoki uzoq muddatli moliyaviy maqsadlariga yetishda sust natija ko‘rsatayotganlar ko‘p. Bu esa ortib borayotgan xarajatlar, qarz yuklamasi va hayot tarzi inflatsiyasining jamg‘arma imkoniyatini yo‘qqa chiqarayotganini anglatadi», deyiladi hisobotda.
Narxlar oshishda davom etyapti. Eng oddiy mahsulotlar, masalan, o‘n ikkitalik tuxum ayni paytda 3,6 dollar turadi. Joriy yilning mart oyida bu ko‘rsatkich 6,22 dollargacha ko‘tarilgandi. Taqqoslash uchun, pandemiyagacha 12 ta tuxumning bahosi atigi 1,4 dollar bo‘lgan.
Yirikroq xaridlar, masalan, uy sotib olishga kelsak, narxlar yanada keskin oshgan. AQShda uy sotib olishning o‘rtacha narxi 2025 yil avgustida 413,5 ming dollarni tashkil etgan bo‘lsa, bu pandemiyadan oldin, 2020 yilning yanvarida 328,9 ming dollar edi. Natijada yangi toifa — «doimiy ijarachilar» paydo bo‘lgan.









