Iqtisodiyot | 14:21 / 23.10.2025
2674
4 daqiqa o‘qiladi

London «Rosneft»ning ikki shu’ba korxonasini sanksiyalardan chiqardi

E’lon qilingan litsenziyadan ma’lum bo‘lishicha, Buyuk Britaniya Rossiyaning «Rosneft» kompaniyasiga qarashli ikki nemis shu’ba korxonasi - Rosneft Deutschland va RN Refining & Marketing’ni sanksiyalar doirasidan chiqardi. Umuman olganda, London 15 oktyabr kuni Rossiya kompaniyalari «Lukoyl» va «Rosneft»ga qarshi sanksiyalarni joriy etgan edi.

Foto: Patrick Pleul/dpa-Zentralbild/picture alliance

Buyuk Britaniyaning Moliyaviy sanksiyalarni ijro etish boshqarmasi saytida chorshanba, 22 oktyabr kuni e’lon qilingan hujjatga ko‘ra, litsenziya 2027 yil 22 oktyabrgacha amal qiladi va shu davr ichida «Rosneft»ning mazkur shu’ba korxonalari faoliyati uchun sezilarli cheklovlarga ega alohida tartib belgilanadi.

Die Märkische Allgemeine Zeitung (MAZ) gazetasi ta’kidlashicha, umumiy sanksiyalar ro‘yxatidan ushbu istisno tufayli Buyuk Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan Shell kabi kompaniyalar keyingi ikki yil davomida Germaniyadagi «Rosneft» shu’ba korxonalari bilan ishini davom ettirishi mumkin bo‘ladi. Xususan, «barqaror darajani ta’minlash» uchun Rosneft Deutschland 2026 yilning oxirigacha Qozog‘istondan ko‘proq neft qabul qiladi.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi to‘rt yildan beri davom etayotgan urushi sharoitida Buyuk Britaniya 15 oktyabr kuni «Lukoyl» va «Rosneft»ga nisbatan sanksiyalar kiritdi. O‘sha kuni jami 90 ta yangi jazo choralari e’lon qilindi.

Hujjatga binoan, sanksiyalar aktivlarni muzlatishni, trast xizmatlarini ko‘rsatish va transport operatsiyalariga cheklov qo‘yishni nazarda tutadi. Londonda tushuntirilishicha, bu kompaniyalar Rossiya hukumati uchun «hal qiluvchi ahamiyatga ega» sohada — xususan energetikada — faoliyat yuritadi. Ilgari «Lukoyl» va «Rosneft» soha cheklovlari ostida bo‘lgan.

«Rosneft» uchun alohida cheklovlar o‘rnatildi: unga tegishli yoki u boshqaradigan kemalar endilikda Britaniya portlariga kira olmaydi. Shuningdek, «Rosneft» bilan bog‘liq havo kemalariga Buyuk Britaniya havo hududidan o‘tish yoki uning hududiga qo‘nish taqiqlanadi. Rossiya neft kompaniyalari bilan bir qatorda sanksiyalar ularning xorijiy hamkorlariga ham tegishli bo‘ldi.

Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining doimiy vakillari Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushi uchun 19-sanksiyalar paketini ma’qulladi. Bunday qaror 22 oktyabr kechqurun, Bryusselda bo‘lib o‘tadigan Yevropa Kengashi yig‘ilishi oldidan qabul qilindi.

Moskvaga nisbatan yangi cheklovlar yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlandi. Sanksiyalarga qarshi e’tirozlarni eng oxirgilardan bo‘lib Slovakiya olib tashladi. Ilgari Avstriya ham paketni to‘smaslikka va’da bergan edi. Yevrokomissiya tomonidan sentabr o‘rtalarida taqdim etilgan 19-paketga ko‘ra, 2027 yil 1 yanvardan RFdan suyultirilgan tabiiy gaz (LNG) import qilishga to‘liq taqiq joriy etiladi va «soyadagi flot» kemalari ro‘yxati kengaytiriladi. Shuningdek, cheklovlar G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tib RF energoresurslari savdosida, jumladan kriptovaluta orqali ko‘maklashayotgan uchinchi mamlakat kompaniyalariga ham tatbiq etiladi. Yangi cheklovlar «Rosneft» va «Gazprom neft» bilan har qanday bitimlarni taqiqlaydi va Rossiya nefti uchun narx chegarasini pasaytiradi.

Mavzuga oid