O‘zbekiston | 15:07 / 24.10.2025
3068
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident Bryusselda Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashdi

Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Bryusselda bo‘lib turibdi. 24 oktyabr kuni u Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari, korporatsiyalari rahbarlari bilan muloqot qildi. So‘ngra prezident Yevropa Ittifoqi komissiyasi va kengashi tomon yo‘l oldi, deya xabar qiladi Kun.uz muxbiri.

Foto: Prezident matbuot xizmati

 Prezident Shavkat Mirziyoyevning safari asosiy tadbirlari 24 oktyabrga rejalangan. Kunning birinchi yarmida u Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan davra suhbati o‘tkazdi. 

 Uchrashuvda “Vandewiele”, “Linde”, “Rhenus Logistics”, “Ahlers Logistics”, “Lasselsberger Group”, “Pietro Fiorentini”, “NextChem”, “Meridiam”, “SUEZ”, “FMO”, “European Investment Bank”, “Commerzbank”, “KfW”, “Textima”, “Chimcomplex”, “Metso” hamda boshqa kompaniya va korporatsiyalarning rahbariyati ishtirok etdi.

 Prezident muloqotda Yevropaning yetakchi kompaniyalari ishtirok etayotgani yuksak o‘zaro ishonch va uzoq muddatli sheriklikka intilishning ifodasi ekanini alohida ta’kidladi.

Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi munosabatlarda yangi davrni boshlab berishi qayd etildi.

 Ta’kidlanishicha, keyingi yetti yilda tovar ayirboshlash ikki barobar ko‘paygan. Yevropa sarmoyasi ishtirokidagi qo‘shma korxonalar soni mingdan oshdi. Bu ko‘rsatkichlar investorlarning O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarga ishonchi ortib borayotganidan dalolat beradi.

 Yevropalik hamkorlar O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va tubdan isloh qilish, ilg‘or texnologiyalar, korporativ boshqaruv standartlarini joriy etish hamda innovatsion ishlab chiqarishni rivojlantirishga ko‘maklashayotgani qayd etildi. 

 Prezident inson kapitalini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Yoshlarning oliy ta’lim olish imkoniyatlari sezilarli darajada kengaytirildi. Yangi oliy o‘quv yurtlari tashkil etildi, xorijiy universitetlar filiallari ochildi, yevropalik hamkorlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlari amalga oshirilmoqda.

 Uchrashuvda Mirziyoyev hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning to‘rt muhim yo‘nalishini ko‘rsatib o‘tdi. 

O‘zbekiston strategik xomashyo va minerallarni o‘zlashtirish va chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirishdan manfaatdor. 

 “Yashil iqtisodiyot” va kimyo sanoati ham hamkorlik uchun istiqbolli yo‘nalishlardir. O‘zbekiston qayta tiklanadigan energetikani faol joriy etmoqda, energetika tizimini modernizatsiya qilmoqda. Yevropalik hamkorlarga “yashil” energetika, energiya tejash va ekologik kimyo loyihalarida ishtirok etish taklif qilindi. 

 Infratuzilma va logistikani rivojlantirish ham ustuvor ahamiyatga ega ekani ko‘rsatib o‘tildi. O‘zbekiston avtomobil yo‘llari, temiryo‘llar va aeroportlarni o‘z ichiga olgan transport tarmog‘ini modernizatsiya qilmoqda. 

 Respublika tranzit yo‘nalishlarini rivojlantirish, Yevropa va Osiyoni bog‘laydigan zamonaviy logistika markazlarini barpo etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor. 

 Raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari sohasiga alohida e’tibor qaratildi.

 Biznes doiralari bilan muloqotdan keyin prezident Yevropa Ittifoqi komissiyasi va kengashi binosi tomon yo‘l oldi.

Mavzuga oid