Iqtisodiyot | 16:01 / 25.10.2025
3457
5 daqiqa o‘qiladi

«Shifoxona, maktab hamda Toshkent halqa yo‘li loyihalari tenderlarida qatnashyapmiz» – fransuz gigant korporatsiyasi prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Bryusselda uchrashgan biznes doiralari safida qiymati 25 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan gigant fransuz korporatsiyasi – «Meridiam» prezidenti ham bor edi. Tiyerri Doning Kun.uz muxbiriga aytishicha, ayni paytda kompaniya O‘zbekistonda shifoxona, maktab va Toshkent halqa yo‘li bo‘yicha tenderlarda qatnashmoqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Fransiyaning mashhur «Meridiam» infrastruktura sarmoyasi va aktiv menejmenti korporatsiyasi 2005 yilda tashkil topgan. Korporatsiya asosan jamoat uchun infratuzilma loyihalari bilan ishlaydi. Sarmoya kiritadi, uzoq muddatli boshqaruvni qo‘liga oladi.

Kompaniya ijtimoiy va ekologik qadriyatlarni doim hurmat qilib keladi. Uning rahbari Tiyerri Doga ko‘ra, O‘zbekistonda infratuzilma bilan bog‘liq investitsiya kiritish mumkin bo‘lgan ishlar juda ko‘p.

– Sizni bu yerda, Belgiyada ko‘rib turganimdan juda xursandman. Men o‘zbekistonlik jurnalistman. Avvalo, prezident bilan uchrashuvingiz qanday o‘tganini bilmoqchi edim.

Prezident bilan uchrashuv juda yaxshi o‘tdi. Bu, nazarimda, so‘nggi ikki-uch yil ichida prezident bilan beshinchi uchrashuvim. Mamnuniyat bilan aytishim mumkinki, amalga oshirilgan islohotlar va O‘zbekistonning fransuz fond menejerlari hamda infratuzilma investorlari uchun sarmoyaviy jozibadorligi tufayli biz, «Meridiam» kompaniyasi sifatida bu jarayon va ishlarning borishidan juda mamnunmiz. Bizda O‘zbekistonning transport, shuningdek, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida xususiy shifoxonalar orqali rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga yordam beradigan juda ko‘p investitsiya imkoniyatlari mavjud. Bundan tashqari, suv va chiqindilar bilan bog‘liq masalalarni hal qilish orqali atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishida ham imkoniyatlarni ko‘rganmiz.

– Kompaniyangizning O‘zbekiston bilan bog‘liq yangi loyiha rejalari qanday?

– Ha, biz hozirda e’lon qilingan bir qator davlat-xususiy sheriklik tenderlarida ishtirok etmoqdamiz. Masalan, Farg‘ona shahridagi shifoxona shulardan biridir. Shuningdek, biz maktablar dasturi va Toshkent halqa yo‘li loyihasini ham ko‘rib chiqmoqdamiz. Demak, bular biz O‘zbekiston uchun takliflar tayyorlayotgan va yechimlar olib kirayotgan eng yaqin imkoniyatlardir.

– Yevropa biznesining O‘zbekiston hukumatiga qanday talablari bor?

– Menimcha, tezlik. Yevropa bizneslari prezidentning islohotlarni amalga oshirishda hamda Yevropa biznesi uchun bozor hamda imkoniyatlarni ochishda qat’iyatli bo‘lganini yuqori baholaydi. Shuningdek, o‘ylaymanki, Yevropa biznesi O‘zbekistonga eng yaxshi natijalarni olib kelishi uchun komissiya, Yevropa investitsiya banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) kabi Yevropa institutlari bilan hamkorlik qilishni ham ma’qul ko‘radi.

– O‘zbekiston bozori qanchalik qulay o‘zi?

– Biz uchun qulayligi qanday? Ha, biz uchun juda qulay.

– Sizlar uchun qulay ekanini bilamiz. O‘zbekiston bozori xalqaro kompaniyalar, xususan, Yevropa biznesi uchun qanchalik qulay?

– Aytganimdek, menimcha, bir necha yil ichida qulaylik darajasi ancha oshdi, chunki rahbariyatda aniq bir strategik qarash mavjud. Hozirgi notinch va beqaror dunyoda esa strategik qarash va barqarorlik biznes ko‘rishni istaydigan narsadir.

– Adashmasam, kompaniyangiz infratuzilma bilan shug‘ullanadi. Xo‘sh, O‘zbekistonda bu sohani yaxshilash bo‘yicha qanday imkoniyatlaringiz bor?

– Infratuzilmaga sarmoya kiritishni jadallashtirish va bu borada qilinadigan ishlar juda ko‘p. Menimcha, avtomobil va temiryo‘llardan tortib ijtimoiy infratuzilmagacha bo‘lgan barcha sohalarda sarmoyalarni jadallashtirish uchun davlat xususiy sherikchiligi modeli yaxshi usul. Shu bois, boshlangan ushbu dastur yanada jadal davom etishiga va biz O‘zbekiston uchun sifatli infratuzilma yaratishimizga umid qilamiz – Tiyerri Do, «Meridiam» korporatsiyasi prezidenti

Mavzuga oid