Jamiyat | 10:45 / 27.10.2025
10264
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 144 tup archa kesib tashlandi

O‘zbekistonda moratoriy talablariga zid tarzda daraxtlarni yoppasiga kesish ishlari davom ettirilmoqda.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

25 oktyabr kuni Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani Nukus ko‘chasi va Bobur ko‘chasi kesishmasidan boshlab, Bobur ko‘chasi bo‘ylab avtomobil yo‘lida o‘nlab daraxtlar kesib tashlangani aks etgan video tarqaldi.

Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev o‘rganishlar natijasida jami 144 tup mojjyevelnik navli daraxt moratoriy talablariga zid ravishda kesib tashlanganini ma’lum qildi.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, ushbu daraxtlar Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovning o‘sib turgan daraxtlar o‘rniga boshqa daraxtlar ekish to‘g‘risidagi topshirig‘iga asosan obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tungi vaqtda kesib tashlangan.

Bu prezident farmoniga asosan joriy etilgan moratoriy talablariga zid hisoblanadi. Ayni vaqtda daraxtlar kesilgan hududda manzarali daraxtlar ekish ishlari boshlab yuborilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tabiatga yetkazilgan zarar 620 mln 472 ming so‘mni tashkil etmoqda. Aniqlangan holatlar bo‘yicha aybdorlarga tegishli jazo ko‘rish uchun hujjatlar rasmiylashtirilib, prokuratura organlariga yuborish choralari ko‘rilmoqda.

«Ayni vaqtda prokuratura organlarining bu masalada xolis va qonuniy ko‘magi kerak. Chunki Yakkasaroy tumani ekologiya xodimlari bosim ostida ushbu holat bo‘yicha tezkor chora ko‘rish uchun o‘rganish va hujjatlarni rasmiylashtirishga yo‘l qo‘yilmagan. Shu bois, holat Ekologiya vazirligi nazoratida o‘rganilmoqda», deb yozdi Rasul Kusherbayev.

Uning qayd etishicha, holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, go‘yoki Yakkasaroyda qurib qolgan daraxtlar kesilgan deb, bosim qilib, Telegram kanallardan o‘chirtirish boshlangan.

27 oktyabr kuni Toshkent shahar hokimligi Bobur ko‘chasida archalar kesilishi haqidagi tanqid va savollar yuzasidan rasmiy bayonot berdi. Ma’muriyat ma’lumotida aytilishicha, hududda olib borilgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari doirasida 83 tup piramidasimon gujum (eliks) hamda 62 mingdan ortiq manzarali buta ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan. Shu jarayonda «avval o‘sib turgan o‘simliklar bilan bog‘liq ishlarni bajarishda e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yilgan».

Hokimlikning qayd etishicha, ushbu maydonda ilgaridan taxminan 145 tup archa bo‘lib, mutaxassislar xulosasiga ko‘ra ularning katta qismi kasallikka chalingan va asta-sekin qurib borayotgan edi. Dastlab archalarni ehtiyotkorlik bilan ko‘chirib o‘tkazish rejalashtirilgan, ammo mas’ul shaxslar belgilangan talablarga to‘liq rioya etmagan.

Holat yuzasidan xizmat tekshiruvi boshlangan va natijalariga ko‘ra tegishli choralar ko‘riladi.

Hokimlik barcha ishlar qulay, xavfsiz va ekologik barqaror shahar muhitini yaratishga qaratilganini ta’kidlab, masalaga befarq bo‘lmagani uchun shahar aholisiga minnatdorlik bildirdi.

Mavzuga oid